Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi
Davlat soliq qo‘mitasining “Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror 2020 yil 18 iyunda Adliya vazirligida 3247-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, soliq to‘lovchilarning soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash sohasidagi ayrim majburiyatlarini, shuningdek soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarilishini tekshirishni tartibga solish maqsadidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 139-moddasi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Qaror asosida “Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi 12 bobdan iborat Nizom tasdiqlanib, bir qator nazorat tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishning tartibi, soliq organlari va soliq to‘lovchilarning huquq va majburiyatlari belgilandi.
Jumladan, sayyor soliq tekshiruvida quyidagi tadbirlarni amalga oshirilishi nazarda tutilgan:
soliq solish obektlarini aniqlash, xronometraj kuzatuvlarini o‘tkazish;
nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirish;
soliq to‘lovchi xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish;
bozorlar, savdo komplekslari, ularga tutash bo‘lgan avtomobil vositalarining to‘xtash joylarida soliq qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish;
savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tekshirish;
soliq to‘lovchi (soliq agentlari)dan asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklari, pul mablag‘lari va hisob-kitoblarini xatlovdan o‘tkazishni talab qilish.
Shuningdek, nizomda:
sayyor soliq tekshiruvi o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddatda o‘tkazilishi;
sayyor soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha soliq organlari tomonidan soliqlar va yig‘imlarni hisoblash amalga oshirilmasligi;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladigan holatlar aniq qilib belgilandi.
Ushbu tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holda “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi” to‘ldirilganidan so‘ng o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvida xronometraj kuzatuvlari soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari yoki faoliyat turlari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq haqiqatdagi daromadlari hamda ularning shakllanish manbalari va (yoki) xarajatlari, shuningdek, soliq rejimini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
Qarorga muvofiq, nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirishda quyidagilar jalb etilishi mumkin:
nazorat xaridini amalga oshirishda soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganligi to‘g‘risida murojaat etgan jismoniy shaxs (yuridik shaxsning ishonchli vakili);
“Xolis xaridor” xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs vakillari;
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakillari.
Mazkur nizomda belgilangan normalar tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, yashirin iqtisodiyotni cheklash, soliqqa oid huquqbuzarliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Qaror joriy yil 18 iyundan boshlab kuchga kirdi.
Mavzuga oid
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
07:16 / 20.08.2024
Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi
07:40 / 17.08.2024
Kriptologiya sohasida idoralararo ekspert guruhi tashkil etiladi
07:15 / 24.07.2024