Koronavirusga chalinish va undan o‘lim holatlari bo‘yicha AQSh dunyoda 1-o‘rinda turibdi – 2,596 milliondan oshiq zararlanish holati va 128 mingdan ko‘proq o‘lim. Keyingi o‘rinni 1,315 million holat va 57 mingdan ko‘proq o‘lim holati bilan Braziliya egallab turibdi. Kasallanish holatlari soni bo‘yicha 3-o‘rinni Rossiya 627 mingdan ko‘proq holat bilan band etgan. Ammo Rossiyada o‘lim holatlari soni nisbatan kam - 9073 bemor virus qurboniga aylangan. Keyingi o‘rinlarda Hindiston (500 mingdan ortiq) va Buyuk Britaniya (300 mingdan ortiq) joylashgan. 

Portal ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan o‘lim darajasi 1 million kishidan 64,2 nafarga, AQShda 387 nafarga, Braziliyada esa 269 nafarga yetdi.

Ma'lumot uchun, so‘nggi ikki oy ichida dunyoda kasallanish holatlari soni 1 milliondan 10 millionga chiqdi. Kasallik dunyoga tarqalishi boshlangan vaqtdan (yanvar oyi oxiri) umumiy ko‘rsatkich 1 millionga yetishi uchun (aprel oyi boshi) uch yarim oy vaqt ketgandi.