Oq uyning reaksiyasi
Oq uy matbuot kotibi Keyli Makinani shanba kuni o‘tkazilgan brifingda aytishicha, na prezident Tramp, na vitse-prezident Mayk Pens «rossiyaliklar amerikaliklar boshi uchun ov e'lon qilgani haqida»gi xabarlardan xabardor qilingan.

«Odatda Oq uy razvedka ma'lumotlarini muhokama qilmaydi, biroq shuni aytishim mumkinki, prezidentga ham, vitse-prezidentga ham bu haqida hisobot berilmagan. Buni ularning o‘zlari, MRB direktori, Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi ham tasdiqlay oladi. New York Times nashri xatolik qilgan, ular prezident Tramp bu haqda xabardor qilingani haqida yozib xato taxmin qilishgan», degan u.

Juma kuni New York Times nashri Afg‘oniston masalasida o‘tkazgan tekshiruv natijalari ma'lum qilingan, unga ko‘ra, go‘yoki Yevropadagi suiqasdlarga aloqador bo‘lgan Rossiya harbiy razvedkasining qaysidir bo‘limi o‘tgan yili Afg‘onistonda harbiy koalitsiya vakillariga, jumladan, amerikalik harbiylarga uyushtirilgan muvaffaqiyatli hujumlar uchun mukofot va rag‘batlantirishlar va'da qilgani aytilgandi.

Gazeta o‘z manbasiga tayanib xabar bergan, «Tolibon» va unga yaqin bo‘lgan qurolli guruhlar ma'lum miqdordagi mukofotlarni qo‘lga kiritgani haqida yozgan.

New York Times talqiniga ko‘ra, bu haqda mart oyidayoq Trampga hisobot berilgan, ammo u bunga javoban hech qanday sanksiya qo‘llamagan. Gazetaning yozishicha, Amerika hukumati Oq uydagilarga Rossiyaning ushbu harakatiga qarshi bir nechta javob variantini tayyorlagandi — diplomatik kanallar orqali shikoyatlardan tortib yangi sanksiyalarga qadar.

Baydenning reaksiyasi
Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Bayden agar bu nashr ma'lumotlari haqiqat bo‘lsa, prezident bunday vaziyatda harakatsiz qolgan bo‘lsa, «bu chindan ham dahshatga soluvchi yangilik» bo‘lishini qayd etdi.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda Tramp nafaqat «xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzgani» uchun Rossiyani jazolay olmagan, balki rossiyaliklar prezidenti qarshisida ojizligini yana bir bor namoyon etgan. Trampning raqibi noyabrdagi saylovlarda g‘olib chiqsa Vladimir Putinga qarshi turishi va Rossiyani o‘z harakatlari uchun jiddiy darajada to‘lov qilishga majbur qilishiga va'da bergan.

Nashr materialida aytilishicha, Tramp Afg‘onistondagi harbiylarni olib chiqishga harakat boshlagan vaqtda amalga oshirilgan hujumlar uchun mukofotlar va'da qilingandi.

Fevral oyi oxirida AQSh va «Tolibon» kelishuv tuzgan, unga ko‘ra Afg‘onistonda tinchlik jarayoni boshlanishi va AQSh tarixida eng uzoq vaqt davom etgan urushga chek qo‘yilishi nazarda tutilgandi. Kelishuvga ko‘ra, ushbu mamlakat hududidan amerikalik harbiylar bosqichma-bosqich olib chiqilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar soni 8 600gacha tushirildi.