Ikki oy oldin avtosalondan yangi «Cobalt» sotib olib, bo‘yog‘i sifatsiz chiqqani uchun ancha g‘avg‘o orttirgan xaridor murojaati Kun.uz`da e'lon qilingan va ko‘p o‘tmay avtomashina yangisiga almashtirilgandi.
Tahririyatga yana bir fuqaro shunga o‘xshash muammo bilan murojaat qildi. Bu safar ham mashinaning bo‘yog‘i sifatsiz chiqqan.
«Mashinani uyga olib kelib, 5-6 kun o‘tgach, mutaxassisga ko‘rsatganimda uning bo‘yog‘i zavoddan sifatsiz chiqqani va boshqa nuqsonlari ham borligini aytdi.
Darrov avtosalonga bordim. Qayta tekshirib ko‘rishdi, haqiqatan ham nuqsonli ekanini aytishdi. Oradan 20 kun o‘tib «UzAuto Motors» AJdan mutaxassislar kelishdi. Ular ham nuqsonni aniqlab, ta'mirlab berishini ma'lum qilishdi. Ammo men yangisiga almashtirib berishlarini talab qildim. Axir yangi mashinaga pul to‘lab, ta'mirlanganini uyga olib bormayman-ku!
Ammo baribir muzokara so‘ngida ta'mirlaydigan bo‘lishdi. O‘n kundan so‘ng ta'mirlash ishlari tugab meni chaqirishdi. Lekin ta'mirdan so‘ng mashinaning nuqsoni ikki karra ko‘paygan edi.
Tabiiyki, mashinani qabul qilmadim, almashtirib berishlarini talab qildim. Biroq bugungacha ham yangi mashina ololganim yo‘q», – dedi Jamshid Imomov.
Shu yil 13 iyun kuni mashina holati bo‘yicha «UzAuto Motors» AJ vakillari va «DRIVER`S VILLAGE» avtosaloni kafolat muhandisi ishtirokida tuzilgan dalolatnomada avtomashinada quyidagi nuqsonlar borligi ko‘rsatilgan:
1. LH SIDE BODY INNER panelida lak bo‘yoq qoplamasi nuqsoni borligi.
2. LH SIDE BODY INNER orqa qismi panelida lak bo‘yoq qoplamasi nuqsoni borligi.
Shuningdek, 4 iyun kuni «UzAuto Motors» AJ mutaxassislari tomonidan tahlil o‘tkazilganida orqa chap eshik germetikasi yorilgani sababli eshik ichki qismi qayta ta'mirlangani, ammo ta'mir ishlari avtomashinaning qolgan qismlariga nisbatan tekis chiqmagani qayd etilgan.
«Mijozga avtomobilni sifatli qilib ta'mirlash va orqa chap eshikni yangisiga almashtirib berish taklif qilinib, mijoz roziligi bilan avtomobilga «UzAuto Motors» AJ korxonasi tomonidan orqa chap eshik va ta'mirlash uchun kerakli mutaxassislar ajratilib, avtomobilni ta'mirlash ishlari olib borildi.












