O‘zbekiston | 07:29 / 03.07.2020
13899
3 daqiqa o‘qiladi

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan yombilarni sotish va sotib olish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 30.06.2020 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli yombilarni sotish va qaytarib sotib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 412-son qarori qabul qilindi.

Hujjat Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasida qimmatli metallardan o‘lchovli yombilar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda qimmatli metallar bozori faoliyatini reglamentga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2018 yil 7 iyundagi PQ-3778-son qarorini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan.

Norma’ning yozishicha, nizom O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan, Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan o‘lchovli yombilarni MBning hududiy bosh boshqarmalari va tijorat banklari orqali sotish va qaytarib sotib olish tartibini belgilaydi.

Yombilar narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon'yunkturasi, so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi, shuningdek Markaziy bankning marja va chegirmasidan kelib chiqqan holda har kuni Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilanadi. Bunda MB foyda olish maqsadini ko‘zlamaydi.

Jismoniy yoki yuridik shaxslar yombini sotib olish uchun shoxobchaga murojaat qiladi va naqd va naqd pulsiz hisob-kitob yo‘li bilan to‘lovni amalga oshiradi. Shu kunning o‘zida sertifikat bilan qadoqlangan holdagi yombi xaridorga topshiriladi. Har bir yombi sertifikati identifikatsiya seriya raqamiga ega bo‘ladi va ushbu raqam yombining yuza qismida ko‘rsatiladi.

Qadog‘i buzilmagan va sertifikatga ega yombini qaytarib sotish uchun yombi egasi shoxobchaga murojaat qiladi. Shu kunning o‘zida bank qaytarib sotib olingan yombi bo‘yicha uning egasi bilan hisob-kitobni amalga oshiradi.

Qadog‘i buzilgan yoki qadoqsiz yombilar almashtirilishi mumkin. 20 ish kuni mobaynida topshirilgan yombi Davlat asillik darajasini belgilash palatasida texnik ekspertizadan o‘tkaziladi, shundan keyin yombi egasiga beriladi.

Ekspertiza natijasida qalbakilashtirish alomatlari aniqlangan hollarda, yombilar Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiriladi. Ushbu yombilar egalariga qaytarib berilmaydi va qaytarib sotib olinmaydi.

Hujjat 30.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid