O‘zbekiston milliy jamoasi hamda Belarusning «Energetik» klubi hujumchisi Jasurbek Yaxshiboyev O‘zbekiston chempionati o‘yinlarida doim ham asosiy tarkibda o‘ynayvermas, doim unga nimadir yetishmasdi. Ammo Belarusdagi legionerlik faoliyati Jasurbek uchun juda omadli kechmoqda. Ayni damda 12ta gol bilan Belarus chempionati to‘purari bo‘lib turgan Yaxshiboyev mahalliy «Pressbol» nashriga intervyu berdi. Intervyu davomida o‘zbekistonlik futbolchi ko‘p savollarga qisqa va aniq javob bergan.

– Borgan shaharlaringiz orasida eng chiroylisi qaysi?
– Qatar poytaxti Doha. Shuningdek, BAAning yirik shaharlaridan biri Dubay. Dubay yaxshiroq ham. O‘ta zamonaviy, osmono‘par va chiroyli binolari ko‘p shahar. Men u yerga «Paxtakor» bilan OChL o‘yinida va O‘zbekiston olimpiya jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazganida bo‘lgan edim. Ammo men uchun baribir Toshkentga yetadigani yo‘q.

– Sevimli filmingiz?
– Kino tomosha qilishni unchalik yoqtirmayman. Bo‘sh vaqtimda esa futbol tomosha qilishni ma'qul ko‘raman. Fantastik filmlar ham ko‘rib turaman. Masalan, «Marvel». Aktyorlardan Tom Kruz va Jonni Depp.

– Yoqtirgan ovqatingiz? Tabiiyki palov bo‘lsa kerak?

­­– To‘g‘ri. O‘zbekistonda palovni qo‘y go‘shtidan tayyorlashadi, yana mayiz ham qo‘shiladi. Suzilgan osh ustiga ot go‘shtidan tayyorlanadigan qazi ham qo‘yib berishadi. Bu taomni bodring va pomidordan tayyorlangan salat bilan yesangiz, zo‘r ketadi. Umuman olganda, o‘zbek oilalarida haftaning har payshanba kuni palov tayyorlash an'anasi bor. Belaruslar kartoshkani qanchalik sevishsa, o‘zbeklar palovni shuncha yaxshi ko‘radi.

– Sevimli qo‘shiqchingiz?

– Menga asosan o‘zbek qo‘shiqlari yoqadi. Shohruhxon, Munisa Rizayevalarni eshitaman. Ular ko‘proq sevgi haqida kuylashadi. Shuningdek, arab qo‘shiqchilari yoqadi. Bu yerda kiyinish xonasida Ayk Musaxanyan va afrikalik jamoadoshlarimiz fransuzlar ijrosidagi replarni qo‘yishadi. So‘zlarini tushunmasam ham, ohangi menga yoqadi.

– Sevimli bayramingiz?
– Ular aniq yangi yil yoki tug‘ilgan kun bayramlari emas, musulmonlarning sevimli bayramlari Ramazon va Qurbon hayitlari, shuningdek, bahor ayyomi Navro‘z.