Joriy yil muddatli harbiy xizmatni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida o‘tash uchun kelgan ming nafarga yaqin yoshlar vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash, uni himoya qilishga ahd qilib, Vatanga qasamyod qabul qilishdi.
Shu munosabat bilan Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida o‘tgan tantanali tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati.
Tantanali marsh sadolari ostida maydonga jangovar bayroq olib kirildi.




Shundan so‘ng yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar karantin qoidalari va ijtimoiy masofalanish tartiblariga rioya etgan holda vatan sarhadlarini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘nggi nafasi qolguncha himoya qilishga ont ichib, birinchilar qatorida yangi «Vatanga qasamyod» matni bo‘yicha sodiqlikka ont ichishdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat madhiyalari yangradi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov O‘zbekiston Mudofaa vazirining askarlarga yo‘llagan tabriknomasini o‘qib eshittirdi.
So‘zga chiqqanlar askarlarni unutilmas kun munosabati bilan tabriklab, ularga ishonch bildirdi.





Ta'kidlash joizki, karantin tartibi tufayli tantanali tadbirda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok eta olmadi. Ammo qasamyod qabul qilish jarayoni aks etgan fotosurat hamda videolavhalar ota-onalarga elektron shaklda mesenjyerlar orqali yuborildi.



















