Ha, yuqoridagi gaplar bugungi kunda bot-bot quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘pi fermer xo‘jaliklaridan. Ularning arzi-dodi bitta: hokim yerimni noqonuniy tortib oldi.

Shunday murojaatlardan biri Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumani «Do‘stlik» fermer xo‘jaligidan kelib tushdi.

Unda aytilishicha, fermer xo‘jaligi raisi dafn etilganidan so‘ng, tuprog‘i sovishga ulgurmay, sayyor sud majlisida «Do‘stlik» f/x yerlarini tuman zaxirasiga qaytarish bo‘yicha tuman hokimligi qarori ma'qullangan.

Ish hujjatlarini o‘rganish chog‘imizda, sudya fermer xo‘jaligi vakillarining ixtiyoridagi hujjatlarni jiddiy o‘rganib ham chiqmagan, qanday bo‘lmasin hokimning da'vo arizasini qanoatlantirish maqsadida yondashgan, degan xulosaga kelish mumkin.

Ma'lumot uchun, «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda jami 247,6 gektar yer maydoniga ega. Shundan 100 gektari – sug‘oriladigan yerlar. Haydaladigan lalmi yer 70 gektarni tashkil etadi. 83 gektar yaylov. Qolgani ariqlar, yo‘llar, zovurlar, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari sirasiga kiradi.

Dastavval «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi raisining merosxo‘r farzandlariga quloq tutamiz. Nega merosxo‘rlariga, degan savol tug‘iladi. Buning sababini ham ularning o‘zlari tushuntirib berishdi.

Hissiyotli mavzu haqida hislarga berilmasdan, xat-hujjatlar va sud qarori asosida, tomonlarning fikrlaridan kelib chiqqan holda so‘z yuritishga harakat qilamiz.

Uchqun Abduvaliyev – marhum fermer Shodiqul Abduvaliyevning katta o‘g‘li

«1993 yilda bu yerlar o‘zlashtirilmagan, harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan poligon hududlari edi. Keyin, otam rahbarligida qarindosh-urug‘, bola-chaqa birlashib, o‘zlashtirdik, yerni-yer qildik», – deydi marhum fermer Shodiqul Abduvaliyevning katta o‘g‘li Uchqun Abduvaliyev.

Uning aytishicha, shu yil 15 aprelda yurak xurujidan vafot etgan otasini dafn qilganlaridan 5-6 kun o‘tar-o‘tmas, hokimlik binosida sayyor sud tashkil etilgan. Unda noqonuniy da'volar ilgari surilgan, tuman sudi esa, hokimlikning da'vosini qanoatlantirish yuzasidan qaror chiqargan.