Jahon | 09:26 / 15.07.2020
45285
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya O‘zbekistonga nisbatan karantin choralarini kuchaytirishi mumkin

Janubiy Koreya koronavirus tarqalishiga qarshi qat'iy karantin choralari qo‘llanadigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Janubiy Koreya bosh vaziri Chon Se Gyunning xabar qilishicha, ro‘yxatga O‘zbekiston ham kiritilishi mumkin.  

“Hukumat bugun virus import qilinishi xavfi yuqori bo‘lgan davlatlarni qo‘shimcha belgilaydigan qarorni qabul qiladi”, deb aytgan Chon Se Gyun hukumatning koronavirus bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishida.

“Ushbu davlatlarga nisbatan qat'iy karantin choralari, jumladan viza cheklovlari, kirish reyslariga cheklovlar qo‘llanadi. Bu davlatlardan keluvchi shaxslar koronavirusga manfiy tahlil topshirganlari haqida ma'lumotnoma taqdim qilishlari kerak bo‘ladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Janubiy Koreya bosh vaziri. 

Vazirning aytishicha, ro‘yxatga boshqa davlatlar qatori O‘zbekiston va Filippin kiritilishi mumkin.

Ayni vaqtda ushbu ro‘yxatdan 4 davlat – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Bangladesh va Pokiston joy olgan.  

Chon Se Gyunning ta'kidlashicha, ekipajlarning Janubiy Koreya bo‘ylab sayohat qilmoqchi bo‘lgan xorijiy a'zolariga vizasiz kirish tizimi vaqtincha to‘xtatiladi.  

Bu qaror oxirgi haftalarda Janubiy Koreyaga keluvchi xorijlik dengizchilarda koronavirus qayd etilish holatlari ko‘plab uchrayotgani ma'lum qilingandan keyin qabul qilindi.

“Oxirgi 10 kun ichida xorijdan import qilingan kasallanish holatlari ulushi mahalliy holatlardan ko‘p bo‘lgan. Bu esa xorijdan kirayotgan holatlarni to‘sishga e'tiborni kuchaytirishni talab qiladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Janubiy Koreya bosh vaziri. 

Janubiy Koreya rasmiy idoralarining oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 15 iyul ertalabi holatiga ko‘ra, 39 ta yangi, jumladan 11 ta mahalliy va 28 ta xorijdan import qilingan kasallanish holati qayd etilgan. Mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 13 mingdan oshib ketdi.  

Avvalroq O‘zbekistondan charter reyslar orqali jo‘natilishi rejalashtirilgan Ye-9 vizasiga ega fuqarolarni Janubiy Koreyaga yuborish kechiktirilishi ma'lum qilingandi. Bunga esa Janubiy Koreyaga yuborilgan 105 kishidan 2 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangani sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Migratsiya agentligi Koreyaga ishga borgan o‘zbekistonliklardan birida koronavirus aniqlangani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid