O‘zbekiston | 16:52 / 16.07.2020
14720
2 daqiqa o‘qiladi

Imtiyoz haqida dasturga ma'lumot kiritish shart emas - DTM tavsiyanoma olgan xotin-qizlarga murojaat qildi

Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar haqidagi ma'lumotlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Davlat test markaziga taqdim etiladi va mazkur ma'lumotlar asosida abituriyentlarga imtiyoz qo‘llanadi. Shuning uchun bunday tavsiyanomaga ega abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tishda tavsiyanoma ma'lumotlarini dasturga kiritmaydi.

15 iyul kuni xotin-qizlar uchun davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 4 foizli grant uchun tavsiyanoma berishning oxirgi kuni edi.

Hududlardagi ishchi guruhlardan tavsiyanoma olgan qizlar endi test sinovida ham qatnashib, oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakli uchun qo‘shimcha 940ta davlat grantiga ega bo‘lish uchun harakat qiladi.

Bugun, 16 iyul kuni Davlat test markazi tavsiyanomani qo‘lga kiritgan xotin-qizlarga murojaat qildi.

DTM murojaatida tegishli tavsiyanomalar 15 iyulga qadar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan xotin-qizlarga berilishi va vazirlik tomonidan 20 iyulgacha tavsiyanoma berilgan talabgorlarning yakuniy ro‘yxati Davlat test markaziga taqdim etilishi belgilanganini yana bir bor eslatilgan.

«Ya'ni tavsiyanomaga ega xotin-qizlar haqidagi ma'lumotlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Davlat test markaziga taqdim etiladi va mazkur ma'lumotlar asosida abituriyentlarga imtiyoz qo‘llanadi.

Shuning uchun, bunday tavsiyanomaga ega abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishda tavsiyanoma ma'lumotlarini dasturga kiritmaydi», deyiladi DTM xabarida.

Mavzuga oid