O‘zbekistonning yangilangan siyosati jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini oliy darajaga ko‘tarish, zamonaviy samarali davlat boshqaruvini joriy etish, davlat hizmatchilarida korrupsiyaviy holatlarning barcha ko‘rinishlariga qat'iy chidamsizlik ruhiyatini shakllantirish, xalq manfaatlarini so‘zsiz ta'minlash kabi yuksak g‘oyalarga tayanmoqda. Avvalo, ushbu islohotlarning tub zamirida Prezident Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ustuvor g‘oya «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» asosiy tamoyilga muvofiq barcha imkoniyatlar xalqimiz manfaatlari yo‘lida safarbar etilishi ustuvor vazifa etib belgilanmoqda.

Bu o‘rinda islohotlarning chinakam natijadorligiga erishish maqsadida davlat va jamiyatning har bir sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini izchil ta'minlab borish alohida ahamiyat kasb etadi.

Ta'kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta'minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining oqibati bilan emas, balki sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha xalqaro tajribada keng qo‘llanilib kelayotgan zamonaviy jinoyatchilikni oldini olish choralarni milliy amaliyotga tatbiq etishni taqozo qilmoqda.

Bu o‘rinda Prezidentning 2020 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6013-sonli Farmonga asosan yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining asosiy vazifalaridan biri etib

2020-2021 yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki idoraviy nazorat tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.

Xorijiy amaliyot tahlili shuni ko‘rsatdiki, bozor iqtisodiyoti qonunlarga asoslangan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini ta'minlovchi muhim vositalardan biri o‘z tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat (compliance control) tizimini tashkil etish hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me'yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizimdir.