Bugun, 20 iyulda Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov viloyatdagi epidemiologik vaziyat yuzasidan murojaat bilan chiqdi.

https://ok.ru/videoembed/1591731096255

Xolmatovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent viloyatida jami kasallanish holatlari 1892tani tashkil etadi. Shundan 936 kishi sog‘aygan.

«Kecha [19 iyul] viloyat bo‘yicha kasallanganlar soni 78 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 58 nafari kechaning o‘zida sog‘aygan. Demak, bugungi holatga ko‘ra, davolanayotganlar soni 947 nafarni tashkil etyapti.

Shulardan 244 nafari statsionar sharoitda (Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida – 68, Olmaliq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida – 33, respublika muassasalarida – 143 nafar), uy sharoitida esa 703 nafar bemor davolanmoqda.

Kasallik yengil shaklda alomatlarsiz kechayotgan uy sharoitida davolanayotganlarning to‘liq izolyatsiya holatida bo‘lishlarini ta'minlash maqsadida hamda ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish (onlayn tarzda tibbiy maslahat va xonadoniga borish), zaruriy oziq-ovqatlar, immunitetni ko‘taruvchi dori-darmonlar va boshqa zaruriy ehtiyoj mollarini yetkazib berish maqsadida 31ta mobil guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Oldimizda turgan eng katta vazifalardan biri – tibbiyot muassasalarida tez tibbiy yordam uchun shart-sharoitlarni yaratish. Bugungi kunda viloyatimizdagi faqat shahar va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalarida 905 o‘rinli zaxira mavjud.  Bundan tashqari, yana sihatgoh va sanatoriylarda 10 mingta o‘rin zaxirasini yaratish ishlari ketyapti.

Ikkinchidan, dori-darmonlar masalasi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 10 mlrd so‘m o‘tkazildi, yana qo‘shimcha mablag‘larimiz bor. Sog‘liqni saqlash muassasalarida 9 turdagi zaruriy dori-darmon vositalaridan 5 turi mavjud bo‘lib, bu 5 kunlik zaxirani tashkil etadi.

Viloyat hududida infeksiyaga qarshi ishlatiladigan 9 xil turdagi dori – darmonlarning 3 oylik (293 mln so‘mlik) zaxirasi jamlandi. Bundan tashqari, COVID-19 va uning asoratlarini davolashda ishlatiladigan 49 xil turdagi dorilar ehtiyoji va zarur mablag‘ hisoblab chiqildi (3 oylik dori-darmon ehtiyoji uchun 27 mlrd so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi).