«Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari tomonidan 14 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tushgan savollarga javob berib borish vazifasi belgilangan edi. Shu topshiriqdan kelib chiqqan holda Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘'mon Muxammadiyev barchani onlayn muloqotga chorladi.

Onlayn muloqotda davlat xizmatlari va FHDYo sohalariga oid muammolarni o‘zbekistonliklar bevosita DXA direktori o‘rinbosari bilan birgalikda muhokama qilishdi. Muloqot davomida No‘'mon Muxammadiyev dastlab ijtimoiy tarmoqlarda sohaga oid ko‘p uchrayotgan savollarga to‘xtalib o‘tdi. So‘ngra virtual makonda fuqarolarimiz yo‘llagan savollarga batafsil javob berildi», deya agentlik direktorining matbuot kotibi Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

No‘'mon Muxammadiyev

DXA onlayn muloqot davomida fuqarolardan kelib tushgan ayrim savollar va ularga berilgan javoblarni ma'lum qildi.

– Nikohdan o‘tish maqsadida turmush o‘rtog‘im bilan birga FHDYo organiga onlayn ariza berib, tibbiy ko‘rikdan o‘tdik. Endilikda respublika bo‘ylab karantin holati kuchaytirildi. Karantin choralari yumshatilguncha bizning olgan tibbiy ma'lumotnomalarimiz nima bo‘ladi? Karantin cho‘zilib ketsa, yana qaytadan tibbiy ko‘rikdan o‘tamizmi?

– Davlat xizmatlari agentligi aholimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida nikohni qayd etish bo‘yicha arizalarni onlayn tarzda my.gov.uz portali orqali yuborish imkoniyatini yaratdi. Bunda ariza beruvchilar o‘zlarining elektron raqamli imzosi orqali arizalarni tasdiqlab vakolatli organga yuborishi kerak. FHDYo organi ariza asosida nikohga kiruvchilarga tibbiy ko‘rikka yo‘llanmani taqdim etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi 387-son qaroriga muvofiq, nikohlanuvchilar ariza bilan murojaat etgan kundan keyin nikoh FHDYo organi tomonidan bir oy muddatda qayd etiladi. Yuqoridagi qarorga asosan nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan ko‘rib chiqiladi. Ayrim hollarda yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda, shuningdek, FHDYo organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin.

– 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab amalga kiritiladigan yangi tartibga asosan Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tishni rasmiylashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilish mumkin. Keyinchalik qanday qilib pasportimga ro‘yxatdan o‘tganlik shtampini qo‘ydirsam bo‘ladi?