O‘zbekiston | 15:13 / 25.07.2020
4509
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik magistraturaga hujjat topshirish va o‘qishni ko‘chirishda onlayn plaftormadagi nosozliklar bo‘yicha izoh berdi

Joriy yilda magistratura bosqichiga hujjat topshirgan talabalar soni 2018-2019 o‘quv yiliga nisbatan 3 baravar oshgan, deya ma'lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashev.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashev magistratura bosqichiga hujjat topshirish va o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha onlayn platformalarda kuzatilayotgan nosozliklar yuzasidan izoh berdi.

“Magistraturaga kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun onlayn ariza topshirish magistr.edu.uz veb-sayti orqali amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 25 iyul soat 11:00 holatiga abituriyentlar tomonidan kelib tushgan arizalar soni 37 ming 935 tani tashkil etadi.

Bu ko‘rsatkich 2018-2019 o‘quv yili uchun jami 11 ming 999tani, 2019-2020 o‘quv yili uchun esa 25 ming 913tani tashkil etgan. Demak, bugungi kunda magistratura bosqichida tahsil olish istagini bildirgan talabalar soni deyarli 3 barobarga oshgan.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish va tiklash uchun onlayn ariza yuborish axborot tizimi transfer.edu.uz veb-sayti orqali amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 25 iyul holatiga talabgorlar tomonidan kelib tushgan arizalar soni 8286tani tashkil etadi. Ushbu axborot tizimi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi ma'lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan. Joriy yilning 20-23 iyul kunlari transfer.edu.uz axborot tizimi orqali arizalarni ro‘yxatda o‘tkazishda Davlat personallashtirish markazi ma'lumotlar bazasidan onlayn rejimda fuqarolarning JShShIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) orqali pasport ma'lumotlarini olishda uzilishlar yuzaga kelgan.

Hozirgi kunda esa platformalarda barcha muammolar bartaraf etildi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, dedi vazirlik rasmiysi AOKAdagi brifingda.

Shuningdek, magistraturaga hujjat topshirish jarayoni bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi.

“Talaba magistraturaga hujjat topshirgan yo‘nalashini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, o‘zi hujjat topshirgan OTMga ro‘yxatdan o‘tkazilganini bekor qilish to‘g‘risida murojaat qilishi, u bekor qilingachgina boshqa OTM yoki mutaxassislikka topshirishi kerak bo‘ladi”, deya Babashevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid