Pentagon rahbari Mark Esper shu haftada avvalroq prezident Tramp aytgan gaplarni tasdiqladi: Qo‘shma Shtatlar Germaniyadagi kontingentining bir qismini olib chiqadi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Germaniyadan qariyb 12 ming harbiyni olib ketadi, shu bilan birga ulardan taxminan 5600 nafari Yevropada qolib, Belgiya, Italiya, ehtimol, Polsha va Boltiq bo‘yi davlatlariga  joylashtiriladi. Qisqartirishdan keyin Germaniyada yana 24 ming atrofida amerikalik harbiylar qoladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi inspektori, general-mayor Vladimir Bogatirev «Interfaks» agentligiga bergan intervyusida Esperning so‘zlarini sharhlab, amerikalik harbiylar Rossiya chegaralari bo‘ylab joylashtirilgudek bo‘lsa, albatta javob qaytarilishi, bu javob «Sharqiy Yevropa davlatlari bilan chegaralarga maksimal darajada yaqin masofada eng zamonaviy og‘ir qurollar hamda harbiy qismlar joylashtirilishi»ni o‘z ichiga olishini aytdi.

«Kremlga sovg‘a»
Estoniyadagi mudofaa tadqiqotlari markazi tahlilchisi, sobiq yuqori martabali diplomat va mamlakat mudofaa vazirligining sobiq amaldori Kalev Stoychesku ham boshqa ko‘plab yevropalik tahlilchilar kabi Donald Trampning bu qarori har qanaqasiga Yevropadagi NATO davlatlari xavfsizligiga putur yetkazadi, degan fikrda.

«Gap qandaydir kichik qism, aytaylik, ming yoki ikki ming kishi haqida ketayotgan bo‘lsa ham, bu baribir spekulyatsiya - Germaniyadan Polshaga va Boltiq bo‘yi davlatlariga harbiylarni ko‘chirish, baribir umumiy kartina muhim. Ha, biz o‘zimizda amerikaliklar va Amerika bayrog‘ini ko‘rishdan xursand bo‘lamiz, ammo bu markaziy rolni o‘ynaydigan kollektiv mudofaaning umumiy tuzilishini zaiflashtiradi», - degan Stoychesku BBC rus xizmatiga.

Amerikaliklar doimiy ravishda Sharqiy Yevropadagi harbiylar bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazib keladi.
Fotoda: amerikalik askar Boltiq dengizidagi BALTOPS yig‘inida

AQShning Yevropadagi harbiylarining sobiq qo‘mondoni, iste'fodagi armiya generali Ben Hojyes «Deutsche Welle»ga bergan intervyusida Trampning qarorini «Kreml uchun ulkan sovg‘a» deb atadi: uning fikricha, bu qadam Yevropada AQShga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi va AQShning mintaqadagi boshqa amaliyotlar uchun platsdarm vazifasini o‘tab kelayotgan Germaniyadagi pozitsiyalarini jiddiy darajada kuchsizlantiradi.