«Spartak» klubi «Ufa» bilan yarimhimoyachi Oston O‘runov transferi borasida kelishuvga erishgan. OAV xabariga ko‘ra, futbolchi transferi 2 million yevroga tushgan. 19 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi moskvaliklar klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan.
O‘runov yangi jamoasida 20-raqam ostida to‘p suradi.
Xo‘sh, Rossiyaning eng nomdor klublaridan biri bo‘lgan, moliyaviy imkoniyatlari yuqori bo‘lgan «Spartak» nega o‘zbekistonlik futbolchini sotib olishga qaror qildi?
«RPLning eng zo‘r driblingchisi»
Transfer qanday sodir bo‘lganining boshqa jihatlari haqida keyinroq gaplashsakda, avval uning sof futbol tomonidan sababiga qarasak. «Spartak» katta klub. MDH mamlakatlari orasida eng mashhur jamoalardan biri. Tabiiyki, Yevropa futbolida kuchlilar qatorida borayotgan Rossiya futboli yetakchilaridan bo‘lgan bu jamoa safida o‘ynashni rus futboliga befarq bo‘lmagan har qanday futbolchi xohlaydi. To‘g‘ri, hozir «Spartak» eng yaxshi holatida emas va yevrokuboklardan ham quruq qolgan. Shunday bo‘lsa-da, jamoaning nomi hamon ko‘p narsani anglatadi.
«Spartak» Oston O‘runovni qandaydir shov-shuv yoki piar uchun emas, maydonda uning harakatlariga ehtiyoj sezgani uchun sotib oldi. Rossiyaning yetakchi sport gazetasi «Sport-Ekspress» Ostonga munosib ta'rif berdi – RPLning eng yaxshi driblingchisi. Albatta, bu yerda biroz metafora bor, chunki Rossiya chempionatida texnik jihatdan juda kuchli bo‘lgan boshqa futbolchilar ham o‘ynaydi, biroq mavsumning ikkinchi yarmida Oston chindan ajralib turdi. Bilasizmi, uning harakatlari bokschi Roy Jonsni eslatib yuboradi. Esingizda bo‘lsa, bu afsonaviy bokschi himoyasini ochib raqiblariga ochiqchasiga mushtlashuvni taklif qilar va bu uchun uni yaxshi ko‘rishardi. Oston ham bir necha marta raqiblarini ochiqchasiga duelga taklif qilib aldab ketganini ko‘rdik. Ayniqsa, burchak to‘pi nuqtasiga yaqin joyda to‘pni to‘xtatib, raqibining kelishini kutgan vaqtlari Ostonni beixtiyor Roy Jonsga o‘xshatib yuborish mumkin edi.
Uning «Spartak»ni rom etgan asosiy xususiyati ham aynan qat'iyati bo‘ldi. Hali yosh yigitchadaki shunchalik qat'iyat bo‘lsa, yillar o‘tib qo‘shilgan tajriba uni qanday futbolchiga aylantirishi mumkinligini tasavvur qilavering. Albatta, hammasi yaxshi davom etsa. Hammasi to‘g‘ri va ko‘ngildagidek davom etishi uchun esa «Spartak» 19 yoshli futbolchimiz uchun mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi variant.


















