O‘zbekistonlik yarimhimoyachi Oston O‘runov Moskvaning «Spartak» klubi bilan shartnoma imzoladi.
Natijada u Rossiyaning yetakchi klubi sharafini himoya qilgan 5 nafar o‘zbekistonlikning safiga qo‘shildi. Ostonning «qizil-oqlar» safidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan holda, ushbu futbolchilarni esga olamiz.
Birodar Abduraimov (hujumchi, 1964)
Moskvaning «Spartak» klubida o‘ynagan o‘zbekistonlik ilk futbolchi Birador Abduraimov hisoblanadi. U 1943 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1964 yili 21 yoshida «Paxtakor»dan «Spartak»ga o‘tgan.

Birodar Abduraimov «Paxtakor» tarkibida (sariq libosda)
Ammo toshkentliklar safida 4ta mavsumda 85ta o‘yinda maydonga tushib, 20ta gol urgan hujumchining moskvaliklar tarkibidagi ishlari negadir yurishmadi. Birodar «Spartak» tarkibida atigi 1ta o‘yinda maydonga tushdi xolos. Keyin yana «Paxtakor»ga qaytdi. 1968 yili qadrdon klubi tarkibida 22ta gol bilan SSSR chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
Azamat Abduraimov (hujumchi, 1984 va 1990)
«Spartak» klubida o‘ynagan o‘zbekistonlik ikkinchi futbolchi Birador Abduraimovning o‘g‘li Azamat hisoblanadi. U 1966 yili Toshkentda tug‘ilgan. 1984 va 1990 yillarda «Spartak» klubi tarkibida bo‘lgan.

Azamat Abduraimov Malayziyaning «Pahang» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi libosida
Azamat 1984 yili asosiy tarkibda debyut qilolmagan va «Spartak»ni tark etgan. 1990 yilda esa yana «Spartak»ga qaytgan. Shu mavsumda yosh hujumchi moskvaliklarning o‘rinbosarlar jamoasi tarkibida 9ta o‘yinda 7ta gol urgan. Ammo asosiy tarkibda atigi 3ta o‘yinda maydonga tushgan xolos. Keyinchalik Dushanbening «Pomir» klubiga ijaraga berib yuborilgan.
Andrey Pyatnitskiy (yarimhimoyachi, 1992-1997)
1967 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1992 yili 25 yoshida «Paxtakor»dan «Spartak»ga o‘tgan. 6 yil davomida «qizil-oqlar» sharafini munosib himoya qilib, hatto jamoa sardori bo‘lishga erishgan.


















