Maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlariga sazovor bo‘lgan tibbiyot xodimlari 14 kun davomida koronavirusga chalingan bemorlarni davolashgan.
Qayd etilishicha, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy markazlariga koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga joriy yilning 5 avgustiga qadar 1 trln 303,7 mlrd so‘m ajratilgan.
«5 avgust sanasida koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning 2247 nafariga 15,4 mlrd so‘m qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘landi.
Shu jumladan:
– 1 637 nafar xodimga 2,1 mlrd. so‘m lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lov sifatida to‘lab berilgan. Xususan, 353 nafar vrachga – 722 mln so‘m, 740 nafar o‘rta tibbiyot xodimga – 825 mln so‘m, 286 nafar kichik tibbiyot xodimga – 284 mln so‘m va 258 nafar boshqa xodimlarga – 278 mln so‘m to‘langan;
– 610 nafar xodimga 13,3 mlrd so‘m 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi sifatida to‘langan, shundan 157 nafar vrachga – 5,6 mlrd so‘m, 261 nafar o‘rta tibbiyot xodimga – 5,5 mlrd so‘m, 147 nafar kichik tibbiyot xodimga – 2 mlrd so‘m va 45 nafar boshqa xodimlarga – 0,3 mlrd so‘m to‘lab berildi», deyiladi Moliya vazirligining hisobotida.
Moliya vazirligi yuqoridagi to‘lovlar daromad solig‘i va yagona soliq xarajatlari bilan qo‘shib hisoblanganini eslatadi.