Takliflar ko‘p, barchasi turfa xil. Ana shunday vaziyatda abituriyent yoki uning ota-onasi qaysi OTMni tanlashni bilmay bosh qotirishi tabiiy.
Ushbu tavsiyalar bilan xorijdagi OTMni tanlashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida bilganlarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz. Demak, boshladik.
Maqsadingizni aniq belgilab oling: sizga sifatli ta’lim kerakmi yoki xorijga chiqish imkoniyati?
Internetdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda taxminan 200 mingga yaqin OTM mavjud ekan. Ularning ko‘pchilik qismida dunyoning istalgan mamlakati fuqarolari taxsil olishlari mumkin. Ammo ularning hammasida ham ta’lim sifatini ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Dunyo miqyosida tan olinganlari ham ko‘p emas.
Shunday ekan, OTMni tanlashda eng avvalo kishi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga aniqlik kiritib olishi kerak bo‘ladi. Cifatli ta’lim olib, malakali kadr bo‘lib yetishish istagida bo‘lgan kishi, albatta, OTMning sifatiga, dunyo reytingida tutgan o‘rniga, ta’lim yo‘nalishining aktualligiga e’tibor qaratishi lozim bo‘ladi. Aksincha, shunchaki orzudagi xorijiy davlatga yetib olishni ko‘zlagan odamga OTMning qanday bo‘lishi unchalik ahamiyatli bo‘lmasligi mumkin.
Ham o‘qib, ham ishlab kontrakt uchun kerakli summani o‘zim topaman, kerak bo‘lsa, oila a’zolarimni ham moddiy ta’minlayman, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Chunki bunday sharoitda na o‘qishning sifati yaxshi bo‘ladi va na ishning. Ko‘plab yurtdoshlar xorijga borib olib, moddiy tomondan qiynalib qolishadi. Shunday qiyinchiliklarning aksariyati o‘qishni tashlab, vatanga qaytish bilan yakun topadi.
Xorijdagi OTMlarga berilgan «otzyv»lar bilan tanishing
Biror OTMni tanlashdan avval uning rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ko‘zdan kechiring. Imkoni bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar, masalan Facebookdagi sahifangiz (agar bo‘lsa) orqali, o‘zingiz qiziqayotgan OTMda o‘qigan odam bo‘lsa, u haqida qanday fikrda ekani to‘g‘risida fikr qoldirishlarini so‘rab post joylang. Kimdir albatta sizga bu haqda ma’lumot beradi.
Yana bir muhim narsa, OTMning top-reytinglarda tutgan o‘rnini kuzating.
«Hech qanday imtihonlarsiz talaba bo‘ling!» degan chaqiruvdan ko‘p ham hayajonga berilib ketmang. Chunki xalqaro tajribada «xaridorgir» bo‘lmagan OTMlarning chet el fuqarolarini imtihonsiz qabul qilish amaliyoti mavjud. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa OTMning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashdir. Xalqaro reytinglarni shakllantirishda chet el fuqarolarining jalb etilgani darajasi muhim omillardan biri hisoblanadi.















