Jamiyat | 10:58 / 19.08.2020
10151
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘ldagi shifoxonaning abgor holati aks etgan video tarqaldi. SSV shifoxona uchun yangi bino qurilganini ma'lum qildi

Berilgan izohga ko‘ra, shifokorlar «turli sabablar bilan» yangi shifoxonaga ishlashga o‘tishmagan, bemorlar ham ko‘chirilmagan.

Internetdagi qator tarmoqlarda “Ozodlik” radiosiga yo‘llangan, Yangiyo‘l shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga oid videolavha tarqaldi. Unda xarob bino, abgor yo‘laklar, ta'mirtalab palatalar va suvi yo‘qligi ta'riflangan yuvinish xonalari tasvirlangan.

Videolavhada so‘zlagan shifokor ayol – bo‘lim mudiri Gulnora Akbarova tibbiy maskandagi qator muammolar haqida aytib bergan.

Vq9UEZ0csLHP4BB67OZys72fjpTrTK8m.jpg (1276×956)

Kun.uz muxbiri Yangiyo‘ldagi shifoxona nima uchun bu qadar og‘ir ahvolga tushib qolganiga izoh olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov bilan bog‘landi.

«Yangiyo‘lga shaxsan o‘zim borib, holat bilan tanishdim. Videolavhada tasvirlangan shifoxona chindan ham og‘ir ahvolda. Sababi, 1972 yilda qurilgan va uzoq vaqtdan beri ta'mirlanmagan. Chunki Yangiyo‘lda butunlay yangi va barcha sharoitlarga ega shifoxona qurilgan. Turli sabablarga ko‘ra, shifokorlar yangi shifoxonada faoliyatlarini boshlashmagan, bemorlar ham u yerga ko‘chirilmagan.

Joyiga borib tushuntirish ishlari o‘tkazdik, bosh shifokor va bo‘lim boshlig‘iga yangi shifoxonani yangitdan tanishtirdik, imkoniyatlarini ko‘rsatdik. Aytish mumkinki, zarur sharoitlar yaratilgan yangi yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlarga manzur bo‘ldi. Ko‘chish jarayoni boshlandi. Dori-darmonlar bo‘yicha kamchiliklar ham o‘rganib chiqildi va zarur dorilar ham yetkazib berildi», – dedi vazir o‘rinbosari.

Vazirlik vakillari taqdim etgan videoda, bosh vrach Jahongir Asatullayev va bo‘lim mudiri Gulnora Akbarova shifoxonaning yangi binosidan rozi ekani, bu yerda zarur sharoitlar borligini aytganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid