Ikki viloyatni Asaka va Quva tumanlaridan o‘tuvchi asosiy yo‘li va Shahrixon-Quva yo‘li blokpost bilan berkitilgan bo‘lib, ikki viloyat aholisi uchun umuman teskari bo‘lgan Bo‘ston-Yozyovon chegarasi ochiq xolos.

Transportda Yozyovon tomon bilan Farg‘onaga o‘tish yoki Farg‘onadan Andijonga kelish – 150 kilometr aylanib o‘tish deganidir.

Aholi murojaatlarini o‘rganish maqsadida ikkala joyga borib guvoh bo‘ldikki, yo‘llar beton to‘siqlar bilan berkitib qo‘yilgan, ikki viloyat o‘rtasida transport harakati deyarli to‘xtatilgan.

15 avgustdan so‘ng chegaralardagi Andijon viloyatiga qarashli blok postlar olib tashlangan bo‘lib, faqat Farg‘ona viloyati tomonidan qo‘yilgan postlar qolibdi.

Farg‘ona viloyati postlarida xizmat vazifasini olib borayotgan Milliy gvardiya xizmatchilari va Quva SEOM xodimlari postlarni olib tashlash haqida qaror chiqmaganini aytishdi.

 Aholi transport qatnovi yo‘qligi sabab chegaraga kelib jamoat transportidan tushadi va blok postdan o‘tib, narigi tomonda turgan avtoulovga chiqadi. Oqibatda ortiqcha ovoragarchiliklar yuzaga kelmoqda. Pishiqchilik paytida bog‘bon va tadbirkorlar yetishtirgan mevalari va mahsulotlarini olib o‘tishda qiyinchilikka to‘g‘ri kelishmoqda.

Asaka–Quva chegarasidagi holat bilan tanishdik. Blok postga yaqinlashishimiz bilan Asaka tomonidagi yo‘lning ikki tomoni taksilar bilan to‘la ekan. Odamlar chegaraga yaqinlashganida avtomashinadan tushadi va ikki blokpost orasidagi 100 metrlik masofani bosib o‘tib, narigi viloyat taksichilarining avtouloviga o‘tiradi.