Jahon | 08:26 / 26.08.2020
8681
2 daqiqa o‘qiladi

«Hali bunaqasi bo‘lmagan»: Braziliyada 2 yil oldindan soya hosili uchun shartnomalar tuzilmoqda 

Braziliyalik fermerlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab oshgani sababli 2022 yilda olinadigan soya hosili uchun shartnomalar tuzishni boshlashdi. Savdolar hajmi jahon iqtisodiyotidagi mavhumlik va milliy valuta – real kursining pastlashi sababli o‘smoqda.

2020 yil 7 avgust holatiga ko‘ra, braziliyalik fermerlar 2020-2021 yillardagi soya hosilining 43 foizini sotib bo‘lishgan. An'anaviy ravishda bu vaqtga kelib hosilning faqatgina 16 foizini sotishga muvaffaq bo‘linardi. Bu haqda Safras & Mercado kompaniyasi hisobotiga tayanib Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. 

Matu Grosu shtati agrar iqtisodiyoti instituti ma'lumotlariga ko‘ra, soya yetishtiruvchilari joriy iyul oxiriga kelib 2 yildan keyingina yig‘ib olinadigan hosilning 1,3 foizini sotib bo‘lishgan. Institut direktori ushbu vaziyatni misli ko‘rilmagan, deb atagan.  

Ma'lum qilinishicha, savdolarning katta qismi barter asosida amalga oshirilmoqda. Fermerlar o‘z mahsulotini qishloq xo‘jaligi vositalari – o‘g‘itlar va kimyoviy moddalarga almashmoqda. 

Braziliyaning o‘zida ham soya narxi rekord darajaga ko‘tarilgan. Bu realning kursi dollarga nisbatan tushib ketgani va moy mahsulotlariga talab oshgani ortida yuz bermoqda. 2020 yilda Braziliya reali jahonning asosiy valutalariga nisbatan ko‘proq qadrsizlangan, moy mahsulotlari zaxiralari soya uchun tarixdagi eng yuqori talab sababli rekord past ko‘rsatkichga tushib ketgan.

“Fermerlar xatarlarni kamaytirishga harakat qilishmoqda, valuta kursi o‘zgarib turishi esa bunday xatarlardan biri hisoblanadi”, deb aytgan Safras tahlilchisi Luis Fernando Roke.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid