10:19 / 27.08.2020
10306

Foto: Mo‘ynoq aeroportiga ilk marta Airbus A320 samolyoti qo‘ndi

26 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shahridagi qayta ta'mirlangan aeroportga ilk marta Uzbekistan Airways aviakompaniyasining A320 samolyoti qo‘ndi.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati

O‘tgan asrning 1960-yillarida barpo etilgan bu aeroportga shu vaqtgacha faqat An-2, An-24 va Yak-40 samolyotlari qo‘ngan.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, obektning 2,4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish va harakatlanish yo‘laklarini qurish ishlari uchun 81 milliard so‘m ajratilgan.

50 ta yo‘lovchiga mo‘ljallangan terminal qurish va aeroport chegarasiga 9 km uzunlikdagi to‘siqlar o‘rnatish ishlariga 16 milliard so‘m carflanishi belgilangan.

Shuningdek, signal chiroqlari va radiolokatsiya uskunalari uchun 60 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Aeroport rekonstruksiyasi loyihachilari sifatida «Aeroyo‘l loyiha» va «Boshtrans loyiha» MChJlar qatnashgan. Bosh pudratchilar – «Shuraxon Qurilish Montaj» MChJ va Mo‘ynoq tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi.

Aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan, yangi terminal binosini qurish va aeroport atrofini o‘rash ishlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan amalga oshirildi.

Top