Jamiyat | 16:49 / 27.08.2020
17307
2 daqiqa o‘qiladi

Baxmalda Qizil kitobdagi ayiq ovchilar qopqoniga tushib qoldi

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ayiq noma'lum kishilar tomonidan qo‘yilgan qopqonga tushib qoldi.

Kun.uz O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Otabek Ashurovdan olgan ma'lumotga ko‘ra, holat 26 avgust kuni, Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligining Uzunbuloq bo‘limi Kattasoy aylanmasi hududida, fermer xo‘jaligi bilan chegaradosh joyda ro‘y bergan.

«Soat taxminan 5:30-6:00larda fermer xo‘jaligi hududida chorva mollarini boqib yurgan cho‘ponlar tomonidan yovvoyi hayvonning baqirgan ovozini eshitishgan.

Borib ko‘rgan paytda o‘rmon hududida qo‘lbola usulda yasalgan qopqonga og‘irligi taxminan 200 kg keladigan qo‘ng‘ir ayiq tushganining guvohi bo‘lishgan.

Guvohlar chegarachilarga xabar berishgan. Chegarachilar o‘z navbatida o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, ichki ishlar, ekologiyaga xabar berishgan», – dedi Otabek Ashurov.

Mutaxassislar ayiqning oldiga yaqinlashishning iloji bo‘lmagani sabab, uni uxlatishga qaror qilishgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi hamda Jizzax viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan tegishli muolajalar qilinib, qo‘ng‘ir ayiq tabiatga sog‘-salomat qo‘yib yuborilgan.

 

Mavzuga oid