Unga ko‘ra, pandemiyaning tugash muddati mavhumligi maktablarni ochish qaroriga kelinishiga sabab bo‘lgan.

“Yangi o‘quv yili qanday boshlanishi bo‘yicha ko‘plab munozaralar bo‘ldi. Shu bois maktablarni ochish bo‘yicha bir qarorga kelishdan avval ota-onalar orasida so‘rovnoma o‘tkazdik. 70 foiz ota-ona farzandining salomatligidan xavotirda ekanligini va maktabga yubormasligini, 30 foizi maktabga yuborishga tayyorligini bildirgan. Respublikadagi 6 mln.dan ortiq o‘quvchi kesimida ko‘rsak, taraflar 2 mln va 4 mln.ga bo‘lindi. Shu bois taklif qilinayotgan uchta ssenariy – onlayn, an'anaviy va gibrid (aralash) ta'lim shaklidan uchinchi variantga to‘xtaldik. 14 sentyabrdan boshlab barcha maktablar ochiladi, ota-onalar o‘zlari qaror qabul qilgan holda, bolani maktabga yuborishadi yoki yo‘q.

Hozir barcha maktablarda bu xususida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. Hafta oxirigacha o‘tkaziladigan so‘rovnomada ota-onalar maktabga borib ishtirok etishlarini so‘rab qolardik.

Virus qachon chekinishini bilmaymiz. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiya ikki yilgacha cho‘zilishi mumkinligini taxmin qilgan. Pandemiya bir oydan keyin butkul yo‘qoladi deganda, balki kutgan bo‘lardik. Hozir yo‘qotiladigan har bir kun, oy farzandlarimiz kelajagi uchun bo‘shliq bo‘lib qolishi mumkin.

Albatta, virusdan birov kafolatlangan deb ayta olmaymiz. Lekin ota-onalarning ko‘pchiligi farzandlarini maktabga yuborishga tayyor.

Shuni ham qayd etish kerakki, karantin eng avjiga chiqqanda ham bolalar ko‘chalarda bir-biri bilan o‘ynab, muloqotda bo‘lganligini kuzatdik”, dedi u “O‘zbekiston-24” radiokanaliga bergan intervyusida.

Rustamovaning qayd etishicha, darslar soni va davomiyligini qisqartirish masalalari ko‘rilmayapti.

“Darslarni kamaytirish, dars soatlarini qisqartirish masalalari ko‘rilmayapti. Darslar davomiyligi 45 daqiqadan bo‘ladi. Hozir qilinayotgan yagona ish – farzandini maktabga yuborish-yubormaslik tanlovi ota-onaning o‘ziga berilyapti.

Ota-onalar har kuni o‘z farzandining salomatligini tekshirib borishi kerak. Asosiy mas'uliyat ota-onalarning o‘zida qolgan. Ertalab bola yo‘talib qoldimi, hech narsa qilmaydi, boraver, demasdan, har kuni o‘zini qanday his qilayotganini so‘rab, isitmasini o‘lchab, nazorat qilishimiz kerak”, deya ta'kidladi vazirlik rasmiysi.