Murojaatda aytilgan holatlarni o‘rganish maqsadida Yakkabog‘ tumani Xonimqo‘rg‘on qishlog‘ida bo‘ldik.

Qishloq ahlining aytishicha, bu yerlar eski va yangi cheklarga bo‘lingan; murojaat esa yangi chek yerlarida yashab kelayotgan fuqarolar tomonidan yo‘llangan.

Xonimqo‘rg‘on, shuningdek, qo‘shni Bolg‘ali qishlog‘i bilan uzviy bog‘langan. Bu ikki qishloq uchun yoshi 60ga yaqinlashgan «bobo transformator» xizmat qilib kelmoqda. Kengaygandan kengayayotgan qishloqlar uchun esa birgina transformator kuchi kamlik qilishi tabiiy, albatta.

«Dardimizni kimga aytaylik?»

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, qishloqning bu qismi yangi chek yerlari bo‘lib, yaqin 10-12 yildan beri aholiga turar joy sifatida berib kelingan. Fuqarolarning ma'lum qilishicha, yog‘in-sochinli kunlarda loyga belanadigan qishloq yo‘llari foydalanishga yaroqsiz holga kelib qoladi. «Kattalar-ku mayli, yosh bolalar maktabga borishda juda qiynaladi», deydi qishloq ahli.

«Bu yerlarda uy qurib yashay boshlaganimizdayoq o‘zimiz simyog‘ochlar topib, kalta-kulta simlar topib ulab elektr toki o‘tkazganmiz, to‘lovlarni doimiy tarzda to‘lab kelamiz.

Biz transformator va ko‘chaga tosh yotqizish masalasi bo‘yicha tuman hokimligiga joriy yil qish oylarida ariza bilan chiqqan edik. Afsus, shuncha oydan beri muammo hal bo‘lmadi. Ikkala masala bo‘yicha ham «bugun bo‘ladi, erta bo‘ladi», deb turli xil vajlar ko‘rsatilib, muammo hal etilmayapti. Hademay yana sovuq kunlar boshlanadi, biz dardimizni kimga aytaylik?

Sim uzilsa, nozikligidan simyog‘ochga chiqib bo‘lmaydi. Elektr ta'mirlash korxonasi xodimlari simni ulab berishi uchun narvonlar olib kelamiz. Simlardagi ulangan joylarning-ku hisobida adashib ketasiz», – deydi qishloq faollaridan biri Anvar Xoliyorov.

Muammo yil oxirigacha hal etilishi va'da qilingan

Muammo yuzasidan tuman hokimligi, tuman elektr tarmoqlari korxonasiga bir necha bor murojaat qilingan, ammo amaliy natija bo‘lmagan. 2020 yil 25 fevralda Yakkabog‘ tuman hokimiga qishloq uchun alohida transformator o‘rnatib berilishini, qishloqning ichki yo‘llariga qum-shag‘al to‘kib ta'mirlanishida amaliy yordam berishini so‘rab qilgan murojaati tuman tegishli tashkilotlari tomonidan o‘rganilgan.