«Menga 2017 yil tuman hokimi qarori bilan 10 sotixdan ziyodroq yer muzlatkich qurish uchun doimiy foydalanishga ajratilgan edi. Loyiham 2018 yil davlat dasturiga ham kiritilgan bo‘lib, sig‘imi 300 tonnalik muzlatkichni o‘sha yili ishga tushirdim. Buning uchun o‘g‘illarim, boshqa qarindoshlarim bilan birga yillar davomida xorijda ishlab pul to‘plagandik.
Shu tarzda 650 million so‘m sarflab qurgan, bir necha yil ishlatgan muzlatkichim o‘rni to‘satdan sotilib ketibdi. Yaqinda boshqa bir tadbirkor kelib: «Endi bu yerlar meniki», deya ma'lum qildi.
Aytishicha, u muzlatkichim o‘rnini, unga kiradigan yo‘llarni, atrofdagi yerlar bilan qo‘shib auksionda sotib olgan ekan. Qo‘limda shuncha hujjatim bo‘la turib, qonunni buzmasdan ham bor-bisotimdan ayrilishim mumkin ekan-da?» – deydi Sayfulla Hayitov.


Darvoqe, biz tadbirkor bilan uning muzlatkichi binosida suhbatlashish uchun uning qo‘shnisi hovlisidan o‘tishga majbur bo‘ldik. Chunki haqiqatan ham bu binoga boriladigan yo‘l sotib yuborilgani uchun yangi egasi yo‘l ustidan devor va darvoza qo‘yib qulflab tashlagan. Biz hatto mazkur yo‘lni suratga olish jarayonida ham uni sotib olgan tadbirkorning e'tiroziga duch keldik.


Shu yerda sodir bo‘lgan bir kichik holat e'tiborimizni tortdi. Yuqorida yo‘ldan ham ayrilgan muzlatkich egasining o‘z binosiga kirish uchun qo‘shnisining yeridan kesib o‘tishini aytgandik. Mutlatkich hududi va atroflarining yangi egasi ekanini aytayotgan tadbirkorning ana o‘sha qo‘shni bilan suhbatiga guvoh bo‘ldik: «Men sizga nima degandim? Nima uchun bularni hovlingizdan o‘tkazyapsiz?!»
Anglashiladiki, bu hududlarni sotib olgan «Shohrux Abdurashid Hamkor» ishlab chiqarish ta'minot korxonasi endi Sayfulla Hayitovni nainki asosiy yo‘ldan muzlatkichiga o‘tgani qo‘ymaydi. Shu bilan birga, boshqa – uchinchi, begona odamning yeridan bo‘lsa ham o‘z binosiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi...
















