Luis Suaresning «Yuventus»ga o‘tishi aniq bo‘lib bormoqda. Marca nashrining yozishicha, urugvaylik hujumchi turinliklar bilan 2+1 shaklida shartnomaga imzo chekadi va uning maoshi barcha soliqlardan tashqari yiliga 10 million yevroni tashkil qiladi (uning kataloniyaliklar klubidagi maoshi 11,5 mln yevro edi). Italiyada soliq qonunchiligi biroz yengil bo‘lgani tufayli «Yuventus» «Barselona»dan kamroq pul sarflab turib ham, Suaresga ko‘proq maosh berish imkoniyatiga ega. Hozirda Luis Suares «Barselona» bilan amaldagi shartnomasini bekor qilish ustida ish olib bormoqda. U «Barselona»dan shartnoma muddatidan avval bekor qilinayotgani uchun 14 mln yevro undirmoqchi. O‘z navbatida «Barselona» Suares transferi uchun «Yuventus»dan pul olishga umid qilmoqda.
«Barselona» Memfis Depayning transferi bo‘yicha «Lion» bilan kelishib bo‘lgan. La Vanguardia nashri xabariga ko‘ra, transfer qiymati 25 million yevroni tashkil qilishi kutilmoqda. Hozirda muzokaralarning so‘nggi bosqichi davom etyapti va shundan so‘ng transfer rasman e'lon qilinadi. Daily Star esa, kataloniyaliklar boshqa bir niderlandiyalik yarimhimoyachi transferini hal qilganini aytmoqda. «Liverpul» a'zosi Jorjino Veynaldum 20 million yevro evaziga «Barselona»ga o‘tadi. Aytish mumkinki, Depay ham, Veynaldum ham, Niderlandiya milliy jamoasi tarkibida aynan Ronald Kuman qo‘l ostida to‘p surishgan.
«Vilyarreal» Xeronimo Rulining transferini e'lon qildi. 28 yoshli darvozabon o‘tgan mavsumda «Real Sosedad» jamoasida to‘p surgandi. Transfer qiymati 7,5 million yevroga baholandi. Argentinalik posbon bilan shuningdek, «Everton» ham qiziqayotgandi.
Yana bir rasmiy xabar «Atalanta» rasmiy saytida chiqdi. Klub «Yuventus» markaziy himoyachisi Kristian Romeroni ijaraga olganini ma'lum qildi. Kelishuv ikki yillik bo‘lib, keyinchalik bergamoliklar 18 million yevroga futbolchini butunlay sotib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Daily Star xabariga ko‘ra, «Vest Hem»ning braziliyalik yarimhimoyachisi Filipe Andersonga «Arsenal» qiziqish bildirmoqda. Anderson o‘tgan mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan bo‘lsa-da, yuqori salohiyatga ega hisoblanadi va Mikel Arteta ushbu hujumkor futbolchiga ishonmoqda. Anderson ikki yil oldin «Vest Hem»ga «Latsio»dan transfer qilingandi. «Vest Hem» Andersonga sotishga rozi bo‘lishi mumkinligi haqiqatga yaqin, zero londonliklar yaqinda 13,5 million yevroga Greydi Diangana bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. 22 yoshli vinger o‘tgan mavsumni «Vest Bromvich» safida o‘tkazgandi.















