Klinikadan birinchi foto
Alekseya Navalniyning instagramida u 20 avgust kuni komaga tushib, Berlindagi «Sharite» klinikasiga yotqizilganidan buyon ilk surati paydo bo‘ldi.

14 sentabr kuni Navalniy davolanayotgan Berlindagi «Sharite» klinikasi rossiyalik siyosatchining ahvoli yaxshilanib borayotgani, u sun'iy nafas oldirish apparatidan uzilgani haqida ma'lum qilgandi. Shifokorlar u qisqa muddatga o‘rnidan tura olayotganini xabar qilishgan. Bundan tashqari, bu Navalniy o‘zining holati haqidagi ma'lumotlarni ommaga yetkazishga shaxsan o‘zi ruxsat bergan ilk holat bo‘ldi (bunga qadar bunday ma'lumotlar rafiqasi Yuliya ruxsati bilan e'lon qilib borilayotgandi).

«Salom, bu Navalniy. Sizlarni sog‘indim. Men hali ham deyarli hech narsa qilolmayapman, lekin kecha kun davomida o‘zim nafas oldim. Butunlay o‘zim. Hech qanday qo‘shimcha yordamsiz, hatto tomog‘imga o‘rnatilgan moslamadan ham foydalanmadim. Juda yoqdi. Ajoyib, ko‘pchilik yetarlicha baho bermagan jarayon. Tavsiya etaman», deb yozgan u postida.

Unga ilova qilingan suratda Navalniy kasalxona koykasida o‘tirgani, yonida rafiqasi Yuliya, qizi Darya va o‘g‘li Zaxar aks etgan.

Dushanba kuni Germaniya hukumati Navalniyning organizmida «Novichok» guruhiga mansub zahar izlari topilganini Fransiya va Shvetsiyadagi laboratoriyalar ham tasdiqlaganini ma'lum qilgandi. Nemislar hukumati yana bir bor Rossiyani muxolifatchi bilan nima bo‘lganini izohlashga chaqirdi.

Berlindagi BBC Russian muxbiri xabar qilishicha siyosatchi davolanayotgan «Sharite» klinikasi qattiq qo‘riqlov ostida. Bu yerda  doimiy ravishda politsiya avtobusi navbatchilik qilmoqda.

Binoga kirishda - to‘liq qurollangan politsiyachilar qo‘riqchilik qilmoqda, shuningdek, qo‘riqchilarning aksar qismi rang qaytaruvchi jiletlar kiyishgan.

NYT: Navalniy Rossiyaga qaytmoqchi
Navalniy Germaniyada qolmasligi va Rossiyadagi missiyasini davom ettirishini bildirgan. Bu haqda New York Times nashri Germaniya xavfsizlik xizmati organlaridagi manbasiga asoslanib xabar tarqatdi.

«U o‘z holatini, u bilan nima ro‘y bergani va hozir qayerdaligini to‘liq anglamoqda. U Germaniyada qolmoqchi emas. U o‘z missiyasini davom ettirish uchun Rossiyaga qaytmoqchi», degan NYT suhbatdoshi.

Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish bu ma'lumotni tasdiqlagan.