O‘tgan haftada bir qator qiziqarli transferlar amalga oshdi. Italiyada «Roma» uch futbolchisi bilan xayrlashdi, Angliyaning «Aston Villa» va «Vulverhempton» klublari esa transfer rekordlarini yangilashdi. Bu vaqtda Gonsalo Iguain MLS chempionatiga, Mayamidagi «Inter» klubiga yo‘l olgan, «Vest Bromvich» bosh murabbiyi Slaven Bilich «Chelsi» va «Zenit»ning sobiq himoyachisi Branislav Ivanovichni kutmoqda. Quyida o‘tgan haftada amalga oshgan asosiy transferlar keltiriladi.

Xames Rodriges («Real»dan «Everton»ga)

Kolumbiyalik futbolchi nihoyat «Real»dan butunlay ketdi. U o‘tgan mavsumda La Liga o‘yinlarida atigi 8 o‘yinda maydonga tushib, bir gol urdi va bir golga uzatma berdi. «Qaymoqranglilar»ning o‘zi ham Karlo Anchelotti tomonidan qiziqish bildirilayotgan Xamesdan qutulishga tayyor ekanliklarini bildirishgandi. Italiyalik murabbiy 29 yoshli futbolchi bilan o‘z vaqtida «Real»da birga ishlagan, keyinroq uni «Bavariya»ga ham chaqirgandi. O‘tgan hafta boshida «Everton» Xamesning transferi haqida rasman e'lon qildi. Sky Spors ma'lumotiga ko‘ra, «irislar» futbolchi transferi uchun 24,5 mln yevro to‘lashgan. Kolumbiyalik futbolchi keyinroq yana bir yilga uzaytirish sharti bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Xames Karlo Anchelotti va uning yordamchilari bilan mo‘jizalar yaratishga tayyorligini aytib o‘tgan. U APLda debyut qilishga ham ulgurdi - birinchi turda «Everton» «Tottenhem»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.  

Aleksandar Kolarov («Roma»dan «Inter»ga)

34 yoshli serb hamon yuqori sport formasini saqlab qolmoqda. Yil boshida «Roma» futbolchi bilan shartnomani uzaytirgandi, yozda esa Milanning «Inter» klubi uning transferi bo‘yicha aloqaga chiqdi. Jurnalist Janluka Di Marsioning ma'lumotiga ko‘ra, «neradzurri» Kolarov uchun 1,5 mln yevro va qo‘shimcha bonuslar (jumladan, futbolchi bilan shartnoma uzaytirilishi evaziga) taklif etgan. Bu taklif nafaqat «Roma»ni, balki futbolchining o‘zini ham qanoatlantirgan, u yangi klubida yiliga 3,5 mln yevro miqdorida maosh oladi. «Inter» bosh murabbiyi Antonio Konte himoyadagi bir qancha pozitsiyalarda hamda yarimhimoyada ham o‘ynay oladigan Kolarovni tarkibda ko‘rishni juda istagandi. Serb uchun «Inter» faoliyatida uchinchi italyan klubi bo‘ldi - u «Manchester Siti»ga o‘tishdan oldin «Latsio»da o‘ynagan, 2017 yilda Angliyadan «Roma»ga kelgandi.

Yannik Ferreyra Karrasko («Dalyan Pro»dan «Atletiko»ga)