«Men bir narsani bilmoqchiman: qachon ishlashni boshlaysizlar?» - pokistonlik inson huquqlari faoli Malala Yusufzoy juma kuni Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilinganligining besh yilligiga bag‘ishlangan tadbirda BMTga a'zo davlatlarga shunday savol bilan murojaat qildi. Faolning ta'kidlashicha, universitetni endigina tugatdi. U dunyo davlatlari rahbarlariga besh yil oldin barchani ta'lim bilan qamrab olish haqidagi va'dalarni eslatdi, deya xabar beradi BMT Yangiliklar markazi

«BMTga a'zo davlatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qilganidan beri besh yil o‘tdi. Ushbu maqsadlar millionlab odamlarning, maktabga borishni istagan qizlarning, tenglikni qo‘llab-quvvatlayotgan ayollarning, toza havo va xavfsiz sayyora uchun kurashayotgan yoshlarning kelajagini belgilaydi. Hozircha va'dalaringizni bajarmadingiz», - dedi BMTning Tinchlik elchisi va Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzoy. 

Barqaror rivojlanish maqsadlari insoniyatning 17ta maqsadi bo‘lib, unga erishish dunyoni yanada yaxshi holatga keltiradi. Ular orasida qashshoqlik va ochlikni yo‘qotish, sifatli ta'lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan umumiy foydalanish imkoniyatini ta'minlash, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish va gender tengligiga erishish bor. 

2015 yilda BMT Bosh assambleyasida mamlakatlar 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qildi, ya'ni yo‘lning uchdan bir qismi ortda qoldi. 2020 yil, BMTda ta'kidlanganidek, xalqaro hamjamiyat oldida turgan vazifalarni bajarish uchun hal qiluvchi harakatlar o‘n yilligiga start beradi.

Malala Yusufzoyning ta'kidlashicha, koronavirus pandemiyasi ko‘plab rivojlanish maqsadlariga erishish uchun katta to‘siqqa aylandi.

«Agar biz faqat ta'lim sohasi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu inqiroz tugaguniga qadar 20 million qiz darslarga qaytmasligi mumkin. Global ta'lim uchun ajratiladigan mablag‘ defitsiti 200 milliard dollarni tashkil etyapti», - dedi huquq himoyachisi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «virus paydo bo‘lishidan oldin ham tengsizlik kuchayib borgan».

«Pandemiya - bu to‘siq, lekin bahona emas», - deya ma'lum qildi Malala Yusufzoy. U dunyo davlatlari rahbarlarini va'dalarni bajarishga va «yangi davr» - adolat davrini boshlab berishga chaqirdi.