Masud Mannan suhbat boshida O‘zbekistondagi faoliyati davomida kuzatgan 3ta muhim o‘zgarishni sanadi.

“O‘zbekiston siyosatida ochiqlik paydo bo‘ldi. Masalan, men chet eldan O‘zbekistonga biznes qilish maqsadida kelsam, osonroq qoidalar bo‘lishini xohlayman. Bunga imkon paydo bo‘ldi. Shuningdek, chetdan investitsiya kiritish osonlashdi.

Siyosat ochilishi bilan O‘zbekiston boshqa davlatlar, ayniqsa, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan aloqalarini mustahkamladi. Oldingiga qaraganda bu yo‘nalishda ko‘proq ochiqlik kuzatildi.

Ikkinchi o‘zgarish esa davlat rahbarining xalqqa yaqinlashish strategiyasi hisoblanadi. U davlat amaldorlarining xalqqa yaqin bo‘lishini, xalqni hurmat qilishini xohlaydi. Bu strategiyada davlat amaldorlari xalqni boshqarishi emas, balki xalqqa xizmat qilishi kerakligi nazarda tutilgan.

Uchinchi o‘zgarish esa O‘zbekiston prezidentining qo‘shni davlatlar, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston bilan munosabatlarda muvaffaqiyatli siyosat yuritayotgani bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Afg‘onistonga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Qo‘shni davlatlarga alohida e'tibor qaratish esa O‘zbekistonning yangi xalqaro siyosatining bir qismiga aylandi. Bu men ko‘rgan uchinchi o‘zgarish”, - deydi elchi.

U O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga alohida e'tibor berilayotganiga, davlatning kommunikatsiya tizimini yaxshilashga yordam berayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bangladesh elchisi O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni ham ijobiy baholadi. O‘lim ko‘rsatkichining pastligi, qat'iy karantin davrida bozorlarda ta'minotda uzilish bo‘lmagani, narxlar yuqorilab ketmaganini e'tirof etdi.

“Boburiylar davrida juda ko‘p an'analarni o‘zlashtirganmiz”

Elchi O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi munosabatlar, uning tarixiy rivoji haqida to‘xtaldi.

“O‘zbekiston va Bangladesh munosabatlari juda chuqur tarixga ega va tez rivojlanmoqda. Zahiriddin Muhammad Bobur, temuriylar va boburiylar davridan boshlab bizning kuchli tarixga ega munosabatlarimiz bor. Bobur Hindiston taxtiga kelganida Bangladesh ham katta Hindistonning bir bo‘lagi edi. Boburiylar Hindistonda inglizlardan ham ko‘proq - 330 yil hukmronlik qilgan.