Reuters

Emi Barrett nomzodi Tramp tomonidan tanlanishi kutilmagan holat emas. Birinchidan, uni federal sudyalikka aynan Tramp tayinlagan, ikkinchidan, u chindan mamlakatda o‘z obro‘siga ega sudya. Uni ayniqsa dindorlar hurmat qilishadi. Ular 1973 yilda Oliy sud tomonidan qabul qilingan abort qilishga ruxsat beruvchi qaror aynan Barrett sabab o‘zgarishiga ham umid qilishadi. Agar Barrett Oliy sud hay'atidan o‘rin olsa, Tramp tomonidan tayinlangan uchinchi sudya bo‘ladi. Tramp 2017 yilda Nil Gorsachni, 2018 yilda Brett Kavanoni Oliy sud hay'ati a'zosi sifatida tayinlagan.

Tramp sudya Barrettni aynan Oliy sudda birorta o‘rin bo‘shab qolishini kutib «asrab kelgani» aytilmoqda. Ginzburgning vafoti bilan ana shu imkoniyat paydo bo‘ldi. Bu Tramp uchun Oliy suddagi mavqeyini yanada oshirib olish imkoni degani edi. Chunki bu bilan u uchinchi marta mamlakatning oliy huquq tashkilotiga o‘z odamini qo‘ymoqda. Tramp uchun uning mag‘lubiyati taxmin qilinayotgan saylov oldidan bu juda yaxshi imkon bo‘ldi.

Jorj Vashington nomidagi huquq universiteti professori Jonatan Terlining aytishicha, immigratsiya va qurol olib yurishga bo‘lgan munosabati sabab Barrettni Oliy sudda xuddi Ginzburg kabi muqim o‘rin olishini ta'minlashi mumkin. Faqat Ginzburg kabi sudning chap qanotida emas, o‘ng qanotida. Uning fikricha, Ginzburg Oliy sud tarixidagi eng sodiq liberallardan biri bo‘lgan. Barrett xonim esa eng sodiq konservatorlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Oliy sudda yana bir konservatorning paydo bo‘lishi uning chiqaradigan qarorlariga va AQSh hayotidagi o‘n yillar davomida ta'siri seziluvchi qarorlar qabul qilinishida muhim rol o‘ynaydi. Bu ayniqsa konservatorlar uchun juda muhim. Ayniqsa abort qilish huquqi va tibbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunlar kabi muhim o‘zgarishlar qabul qilinishida.

Barrett bir jinsli nikohlarni yoqtirmasligi va abort qilishga qarshiligi bilan dindorlar orasida katta obro‘ga erishgan. Biroq noodatiy oriyentatsiya vakillari uni xushlashmaydi. Barrett xonim esa diniy qarashlari uning faoliyatiga ta'sir qilmasligini aytmoqda. U e'tiqodli katolik hisoblanadi.

Barrett xonim Indiana shtatida sobiq federal prokuror bo‘lgan turmush o‘rtog‘i bilan birga yashaydi. Hozirda eri fermerlik bilan shug‘ullanadi. Oilaning 7 nafar farzandi bor. Bu oila ikki nafar haitilik bolani asrab olgan. Barrettning o‘zi ham serfarzand oiladan - u 8 bolali oilada o‘sgan.

Emi Barrettni juda aqlli ayol sifatida e'tirof etishadi. U Notr-Damdagi huquq oliygohini tamomlagach, Antonin Skaliya ofisida ishlagan. Mashhur konservator bo‘lgan Skaliya ham Oliy sudda ishlagan. Barrett ham Skaliya kabi konstitutsiyani xuddi uning mualliflari yozayotganda nazarda tutgan holat bo‘yicha tatbiq etish kerak deb hisoblaydi. Ya'ni, u konstitutsiyani «zamonga moslashtirish» xato deb aytadi.