Ikki tomon bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda ayblamoqda.

Hozirgacha nimalar bo‘ldi?
Ozarboyjon mudofaa vazirligi yakshanba tongida Armaniston tomoni Tartar, Jabroyil va Fuzuliy aholi punktlarini o‘qqa tutgani, Ozarboyjon armiyasi tinch aholini himoya qilish uchun keng ko‘lamli qarshi hujum boshlaganini ma'lum qildi.

Armaniston esa birinchi bo‘lib Ozarboyjon o‘t ochganini aytmoqda. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 8:00da havodan hujum boshlab, raketalar uchirganini ma'lum qildi.

To‘qnashuvlardan keyin ikki tomon ham harbiy holat joriy etilgani haqida ma'lum qildi. Armaniston butun hududida, Ozarboyjon mamlakatning bir qismida harbiy holat joriy etgan. Yerevan 55 yoshgacha bo‘lgan erkaklar uchun umummilliy safarbarlik e'lon qilgan.

Arman inqilobiy federatsiyasi (ARF) harbiy xizmatchilari va vakillari Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat tufayli ko‘ngillilarni o‘z safiga yig‘moqda / MELIK BAGHDASARYAN\TASS

Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan ijtimoiy tarmoqlar orqali Armaniston fuqarolarining 10 ming nafari Qorabog‘ga ko‘ngilli sifatida yo‘l olishga tayyorligi haqida xabar tarqatdi.

Yo‘qotishlar
Armaniston tinch aholi orasida ikki kishi halok bo‘lganini ma'lum qildi, Ozarboyjon 5 kishidan iborat bir oila qurbon bo‘lgani va 19 kishi jarohatlanganini tasdiqladi.

Bundan tashqari, arman harbiylari 16 askar halok bo‘lganini ma'lum qildi, avvalroq yuzga yaqin qurbon berilgani xabar qilingandi. Ozarboyjon harbiylar orasidagi yo‘qotishlari haqida rasman ma'lumot bermagan, Armaniston tomoni 200ga yaqin ozar harbiylari halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

Kun davomida ziddiyat tomonlari dushman harbiy texnikalari yo‘q qilingani haqida xabarlar berishdi va buning isboti sifatida videolavhalar tarqatishdi.