Rossiyada Udmurtiya respublikasi sobiq rahbari Aleksandr Solovyov katta miqdorda pora olganlikda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U 2017 yil aprel oyida hibsga olingan va shu kuni respublika rahbari lavozimidan ozod qilingan edi.
Udmurtiya respublikasi Zavyalovskiy tuman sudi respublikaning sobiq rahbari Aleksandr Solovyovni katta miqdorda pora olishda aybdor deb topib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U jazoni qattiq rejimli koloniyada o‘tashi belgilandi. Shuningdek, 70 yoshli Solovyov 275 million rubl (3,5 million dollar atrofida) miqdorida jarimaga ham tortildi.
Udmurtiyaning sobiq rahbari Rossiya jinoyat kodeksining 290-modda 6-qismi (juda katta miqdordagi pora olish) bo‘yicha aybdor deb topildi. U 2017 yil 4 aprelda hibsga olingan va o‘sha yilning avgustida tergov izolyatoridan uy qamog‘iga o‘tkazilgan. Solovyov hibsga olingach, «Rossiya prezidentiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotish» ayblovi bilan lavozimidan ozod etilgan.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Solovyov 2014-2016 yillarda Udmurtiya respublikasida joylashgan Kambarka shahri yaqinidagi Kama va Buy daryolari bo‘ylab ko‘prik qurayotgan kompaniyalar vakillaridan 139 million rubl (1,7 million dollar atrofida) miqdorida pora olgan. Shuningdek, u ushbu ko‘prikni qurish ishida qatnashgan kompaniyalardan birida 2,7 million rubl qiymatdagi ulushga ega bo‘lgan. Solovyov olgan poralari evaziga federal va mintaqaviy budjetlar tomonidan bajarilgan ishlar uchun to‘lovlarni to‘lash, yer osti uchastkalaridan foydalanish uchun litsenziyalar ajratilishini ta'minlab kelgan.
Hibsga olingandan so‘ng, o‘sha paytda Solovyov aybiga iqror bo‘lgan, ammo 2020 yil yanvarda o‘tkazilgan sud majlisida u o‘zining aybsizligini aytgan va hibsga olingan paytda nega aybini tan olganini izohlagan. Udmurtiya respublikasining sobiq rahbari ustidan sud 2018 yil dekabrda boshlangan. Sud majlisi Solovyovning sog‘lig‘ida muammolar yuzaga kelgani uchun bir necha marta kechiktirilgan. Prokuror unga jazoni qattiq rejimdagi koloniyada o‘tash sharti bilan 13 yil jazo muddati tayinlashni so‘ragan.
«Yoshim 70 da, og‘ir kasalman...»
Sud majlisida Solovyovning advokati Galina Sboyeva uni barcha moddalar bo‘yicha oqlashni iltimos qilgan. Sobiq gubernatorga so‘nggi so‘z berilganda u aybsizligini bildirib, qamoqqa chidamasligini aytgan va oilasini katta miqdordagi jarimadan ozod qilishni so‘ragan.
«Qamoqdalik vaqtimda zarur dori-darmonlarni umuman berishmadi. Bundan tashqari oilam bilan aloqa qila olmadim. Uyimdagilarga yozgan xatlarim qamoqxonadan chiqmagan. Yaqinlarimning xati ham menga yetib kelmagan. Men hatto qizlarim advokat topganini ham bilmagan edim. Tergovchilar davolanishim uchun qilmagan jinoyatimni tezroq bo‘ynimga olish kerakligiga ishontirishdi. Sog‘lig‘im yomonlashib qolgani uchun shartlariga ko‘nishga majbur bo‘ldim.















