Qirg‘izistonda eng yirik korrupsioner qo‘lga olindi. U mamlakatdan 700 mln dollardan ko‘proq mablag‘ni olib chiqib ketgan
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) matbuot xizmati Bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimov qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
Kloop nashrining maxsus xizmatga tayanib xabar berishicha, 2016 yildan buyon Matraimov va boshqa mansabdor shaxslar Davlat bojxona xizmati tizimida «bojxona ma'muriyatchiligidan yashirin daromad olish maqsadida» korrupsion sxemani yo‘lga qo‘ygan.
«Korrupsion sxema davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazdi, ammo MXDQ zararning aniq miqdori to‘g‘risida hali xabar bermadi. Hozirda MXDQ davlatga yetkazilgan zararning hajmini o‘rnatish va bojxona xizmatida korrupsion sxemaga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash maqsadida tergov olib bormoqda», - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Raimbek Matraimov «Kloop», «Azattiq» va OCCRP jurnalistlarining Qirg‘izistondan 700 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni olib chiqish bo‘yicha olib borgan tekshiruvida asosiy shaxslardan biri hisoblanadi.
2019 yil may oyida «Azattiq» Qirg‘izistondan 700 million dollarni olib chiqib ketish va bunga Raimbek Matraimovning aloqadorligi to‘g‘risida surishtiruv o‘tkazdi. Keyinchalik, Matraimovlar oilasi mablag‘larning olib chiqib ketilishiga aloqadorligi haqidagi ma'lumotni rad etdi, moliyaviy politsiya esa jurnalistlarning dalillarini tekshirib, Matraimovlarning mol-mulki chet elda topilmagani haqida bayonot berdi.
2019 yilning kuzida OCCRP, «Azattiq» radiosi va Kloop «Klanlar, korrupsiya va Ipak yo‘lidagi kontrabanda» nomli jurnalistik surishtiruvni e'lon qildi. Unda xitoylik tadbirkor Habibulla Abduqodirning Qirg‘izistonning nufuzli amaldori Raim Matraimov bilan aloqalari haqida so‘z boradi.
Jurnalistlarga axborot bergan Ayyerken Saymaiti mamlakatdan 700 million dollardan ortiq mablag‘ni noqonuniy ravishda olib chiqib ketganini tan olgan va korrupsiya tarmog‘i o‘sha paytdagi Bojxona xizmati raisi o‘rinbosari Raim Matraimov yordamida tashkil etilganini ma'lum qilgandi. Shundan so‘ng, Saymaiti qotillik qurboniga aylandi.
Yaqinda Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, bosh vazir Sadir Japarov qirg‘iz xalqiga murojaat bilan chiqdi. U Matraimov haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.
«Avvalo, biz Qirg‘izistondan 700 million dollarni olib chiqib ketish to‘g‘risidagi ishga nuqta qo‘yamiz, asosiy gumondor Matraimov va boshqa korrupsionerlar esa javobgarlikka tortiladi. Tegishli ko‘rsatmalar huquqni muhofaza qilish idoralariga berilgan, biz ushbu ish natijalarini yaqin vaqt ichida taqdim etamiz», - dedi u.
Sadir Japarovning ta'kidlashicha, «korrupsiyaga qarshi kurash - bu to‘lib ketgan qamoqxonalar va huquqni muhofaza qilish idoralarining cheksiz vakolati, degani emas».
«Korrupsiyaga qarshi kurash hamma uchun bir xil ishlaydigan aniq va sodda qonunlardir», - deya xulosa qildi u.
Mavzuga oid
13:40 / 24.11.2024
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi
13:51 / 23.11.2024
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonda sezildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024