Biroq AQShdagi saylov tizimiga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha ko‘p ovoz olish saylovda g‘alaba qozonish uchun yetarli emas.
AQShda tatbiq etilgan ikki bosqichli tizimda prezidentni shtatlar jo‘natgan 538 nafar delegat mansub saylov hay'ati belgilaydi. Ushbu kengashdan esa har bir shtatning aholisiga mos ravishda delegatlar o‘rin olgan.

538 nafar delegatning 270tasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan nomzod g‘alaba qozonadi. Shtatlarning aksariyati ma'lum bir partiyaning tayanchi sifatida tanilgan. Odatda, ular ovoz beruvchi partiya o‘zgarmaydi.
Biroq kam sonli shtatlar nomzodga uning siyosati yoki amaldagi kun tartibiga qarab ovoz beradi. Asosiy kurash ham ushbu «kalit» shtatlardagi saylovchilarni o‘z tomoniga «og‘dirish» borasida kechadi.
2016 yilgi saylovlarda prezident Donald Tramp Demokratik raqibi Hillari Klintondan butun mamlakat bo‘ylab 3 millionga yaqin kam ovoz to‘plagan, ammo shunga qaramay, delegatlar soni ko‘p bo‘lgan shtatlarda qo‘li baland kelib, prezidentlikka saylangandi.
Xo‘sh, 2020 yilgi saylovlarda qaysi shtatlar muhim rol o‘ynaydi? Bu shtatlardagi so‘nggi vaziyat qanday?

Viskonsin
2016 yil Tramp bu shtatda kichik farq bilan ustun kelgandi. Uning g‘alaba qozonishida esa shtatning qishloq hududlaridagi oq tanli ishchi sinfiga mansub ayollarning qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynagan.
Shu bilan bir qatorda, ayni shu saylovchilar guruhi 2018 yilda Demokratik partiyaga mansub nomzodning gubernator etib saylanishida muhim o‘rin tutdi.
So‘nggi ommaviy so‘rovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Bayden 10 delegatga ega ushbu shtatda yetakchilik qilmoqda.
Tramp tomonidan amalga oshirilgan savdo siyosati ushbu shtatdagi sut fermer xo‘jaliklari eksportiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Bu esa o‘z navbatida narxlar pasayishiga va ba'zi korxonalar yopilishiga sabab bo‘ldi.
Mazkur shtatdagi saylovchilarning munosabatiga ta'sir qilishi kutilayotgan yana bir omil – irqlar o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishidir. Kenosha shahrida politsiya tomonidan qora tanli odam otib tashlanganidan keyin butun shtat bo‘ylab ulkan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.






















