24 oktabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan ana shu masalaga oydinlik kiritish va mazkur kasalxonada chiqindilar qay tartibda yo‘q qilinishi bilan yaqindan tanishish maqsadida tadbir uyushtirildi. 

Epidemiolog Mohigul Musabekovaning aytishicha, shifoxonada to‘planadigan chiqindilar 3 xil – yumshoq, qattiq va kesiluvchi-sanchiluvchi asboblardan iborat bo‘ladi. Shu uch toifadagi chiqindilar avvaliga maxsus konteynerlarga joylanadi.

«Har biri moslashtirilgan idishlarga solinganidan keyin, ustiga dezinfiksiyalovchi vosita quyilib, so‘ngra og‘zi zichlab yopiladi. Ustidan yana dezinfeksiyalovchi vosita sepiladi. Undan keyin tashqariga, bloklar oldiga belgilangan joyga olib chiqiladi. Shifoxonada chiqindilar shu tarzda kuniga uch marta olib chiqiladi. Shundan so‘ng belgilangan vaqtda maxsus transportda olib ketilib, pechlarda yo‘qotiladi. 

Mazkur kuydirish pechlari shifoxona qurilayotgan paytda qurila boshlangan. U pechlar qurilib bitirilguncha maxsus insenvator bilan boshqa joydagi alohida korxona ya'ni, «Med klass plus» korxonasi bilan shartnoma bor edi. Ular olib ketardi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

«Pokiza tozalash» MChJ ish yurituvchisi Saidakbar Abrorxo‘jayev yangi pech qurish zarurati tug‘ilgani haqida gapirdi.

«25 sentyabrdan beri ikki tonnalik pechda sinov muddati hisobidan chiqindilarni yoqib, yo‘q qilib kelyapmiz. Biz bilan hamkorlikda «Med klass plus» korxonasi ham bor. Ular Yangiyo‘lda ishlashadi. Bu pech shifoxona hisobidan qurib bitkazilgandi. Davlatimiz budjetini tejash maqsadida ushbu shifoxona hududida shu pechlar qurilgandi. Buni sinov muddatida sinab ko‘rdik.

Lekin bu bizning talabga javob berolmagani uchun kattaroq pech qurishga to‘g‘ri keldi. Sababi oldingi pechning ichiga bir vaqtning o‘zida 2,5 tonna chiqindini solib bo‘lmaydi. Katta pechning ichiga esa bir vaqtda 5 tonnagacha chiqindi solish imkoniyati bor. Bu orqali shifoxonadan chiqadigan chiqindilarni birdan yoqib yuborib, hech qayerda to‘planib qolmasligini ta'minlashga erishish mumkin. Hududdan tashqariga hech qachon chiqindi chiqmagan. «Med klass plus» korxonasi bilan hamkorlikda buning imkoniyatini qilyapmiz. Chiqindilar korxonaning hamma tomoni yopiq maxsus mashinalarida olib chiqib ketiladi», deydi u.