O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi xabar berdi.

Ushbu farmon qabul qilinishidan maqsad iqtisodiyot tarmoqlaridagi yashirin aylanma darajasini keskin pasaytirish hisoblanadi.

Hujjat bilan biznesning «soyadan» chiqishini rag‘batlantirish, soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Xususan:

  1. Umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik sub'yektlarining bank kartalari va kontaksiz to‘lovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umum belgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy tartibda o‘tish maqsadida umumiy daromadga kiritilmaydi. Ushbu chora plastik kartalardan cheklovlarsiz to‘lov qabul qilish hisobidan tushumni ko‘paytirish hamda naqd shaklda olingan summalarni aks ettirish imkonini beradi;
  2. Avval qabul qilingan qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish talabi bekor qilingan. Lekin ko‘rsatilayotgan xizmatlardan olinadigan daromadni qonuniy aylanmaga jalb qilish uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasini 25 foizdan 13 foizgacha pasaytiriladi;
  3. Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan onlayn kassa mashinalarining cheklarida aks ettirilgan QR kodi asosida sovrinli o‘yinlarni o‘tkazish eksperimenti 2020 yilda barcha hududlarda amalga oshiriladi.

Bugungi kunga qadar Toshkent shahrida 9 oyda 3,3 trillion so‘mlik 16,3 millionta chek, viloyatlarda esa 6,3 trillion so‘mlik 22,7 millionta chek chiqarilgan. Sovrinli o‘yinlarning viloyatlarda joriy etilishi onlayn kassa mashinalariga o‘tish jarayonini tezlashtiradi. Sovrinli o‘yinlarga 1 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, 2020 yil 1 oktabr holatiga 524 million so‘mlik sovrinlar o‘ynaldi.

Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni biznes yuritishdagi joriy amaliyotga moslashtiriladi.

Jumladan, qurilish korxonalariga ishchilarni ularga ish haqini naqd pulda to‘lash (mehnatga haq to‘lash fondining 10 foizidan oshmagan holda) huquqi bilan hamda ularni ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini saqlab qolgan holda shartnoma tuzmasdan yollashga muddatli ravishda ruxsat beriladi

Soliq va bojxona ma'muriyatchiligi vositalari hisob va tushumlarning to‘liqligiga, shu jumladan, soliqlardan bo‘yin tovlagan jismoniy va yuridik shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortishga qaratiladi.