Saylovlar arafasidagi dam olish kunlarida Vashingtonda bolg‘alar va «bolgarka» ovozi tinmadi. Shahar markazidagi ofislar binolari oldida, mehmonxonalar va restoranlarning kirish qismida faner listlarining haqiqiy piramidalari hosil bo‘ldi. Deyarli har bir inshoot oldida bir guruh ishchilar oyna va vitrinalarni yog‘och qobiqlar bilan o‘rab qo‘yish uchun kuymalanishayotganiga guvoh bo‘lish mumkin edi.
«Biz iyun oyida, Jorj Floydning o‘limidan keyingi ilk namoyishlar vaqtida ham shunday qilgandik», dedi BBC rus xizmati muxbiri bilan suhbatda endigina 19-ko‘chadagi Jos A Bank nomli kiyimlar do‘konini yog‘och qobiqlar bilan himoyalash ishlarini yakunlagan quruvchilar boshlig‘i Diyego Dias.
CVS dorixonalar tarmog‘i o‘tgan haftadayoq butunlay faner panellar bilan o‘rab olingandi.
«Yozdagi namoyishlar vaqtida dorixonamiz talon-toroj qilingandi. Hozir biz barchasi tinch o‘tishiga umid qilmoqdamiz, lekin har ehtimolga qarshi xavfsizlikni ta'minlab qo‘ydik», degan menejyer Frenk.

Yomon ssenariy
Oktabr oyi oxirida YouGov kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning qariyb 56 foizi AQShdagi saylovlar kunida ommaviy namoyishlar va zo‘ravonlik holatlari kuzatilishiga shubha qilmaydi.
Mamlakatdagi bir necha shtat va shaharlar rasmiylari voqealarning eng yomon rivojiga ham tayyorlanib turibdi.
O‘tgan haftada Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Politico nashriga bergan intervyusida aytishicha, shtat ma'murlari ovozlarni hisoblash jarayoni ommaviy tartibsizliklar bilan birga kechishi, ko‘chalarda Tramp va Bayden tarafdorlari o‘rtasida haqiqiy to‘qnashuvlar kelib chiqishini istisno etmayapti.
«Biz hamisha turli ssenariylarni hisobga olamiz va ularga oldindan tayyorlanamiz», degandi gubernator.
Chikago merligi ham saylovga tayyorlanish jarayonida barcha operativ xizmatlarning maxsus mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
«Bahor va yozda nimalar bo‘lganini hisobga olsak, biz oldindagi kunlar tinch o‘tishiga umid ham qilmaymiz va eng yomoniga tayyorlanamiz», deya ochiq gapirgan o‘tgan haftadagi matbuot anjumani vaqtida Chikago meri Lori Laytfut.
AQSh ichki xavfsizligi vazirligi mamlakatning yirik shaharlaridagi hukumat binolari muhofazasi uchun qo‘shimcha maxsus otryadlar yuborgan.






















