Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti ishlab chiqqan COVID-19'ga qarshi vaksina sinovining uchinchi bosqichi O‘zbekistonda ham o‘tkaziladi. Ushbu institut va «Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical» kompaniyasi bilan O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi muzokaralar olib bormoqda.

Innovatsion rivojlanish vaziri, biolog olim Ibrohim Abdurahmonov «Xalq so‘zi» gazetasiga bergan intervyusida sinov davomida 5 ming kishini emlash bilan bog‘liq savollarga javob berdi.

«Sinov boshlashdan oldin ko‘ngillilar o‘qitiladi»

– Rekombinant vaksina sinovlarini o‘tkazish uchun oilaviy poliklinikalarni jalb qilgan holda ko‘ngillilar tanlab olinyapti. Oldin ularni o‘qitib, bu narsaning ma'nosini tushuntirib, keyin sinovni amalga oshiramiz.

Men ko‘ngillilar bo‘yicha birorta kamchilik bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Biz O‘zbekistonga transferini amalga oshirmoqchi bo‘lgan rekombinant vaksinaning 2-faza sinovlari Xitoyda mingdan ortiq ko‘ngillilarda muvaffaqiyatli tugagan. Hozir kamida 15 ming odamda 3-faza sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan va shundan 5 ming ko‘ngillini O‘zbekistondan tanlab olib, sinovdan o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik olib boryapmiz.

Vaksina necha yoshlilarda sinovdan o‘tkaziladi?

– Bu yerda maxsus protokollar bilan yosh chegarasi aniqlangan. 18dan 59 yoshgacha bo‘lganlar bitta guruh bo‘ladi va yana bir guruh ko‘ngillilar 60 yoshdan yuqorilar hisoblanadi. 1-bosqichni biz 18dan 60 yosh oralig‘idagi ko‘ngillilar bilan boshlaymiz.

An'anaviy tarzdagi vaksinalarda o‘ldirilgan viruslar to‘g‘ridan to‘g‘ri odam organizmiga yuborilib, ularda antitelalar hosil qiladi va bu eng birinchi sinovlari yakunlanayotgan vaksinalar turi hisoblanadi.

Biz hozir sinovdan o‘tkazayotgan vaksinaning xavfsizlik darajasi yuqori. Sababi unda virusning nihoyatda kichik bo‘lagi bor.

Ikkinchidan, bu COVID'ning turli shtamplariga universal ta'sirga ega. Shuningdek, narxi ham boshqa vaksinalarga nisbatan arzon.