Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham hududga tinchlikparvar kuchlar kiritilishini tasdiqlagan.

«9 noyabr kuni Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Aliyev, Armaniston Respublikasi bosh vaziri Pashinyan va Rossiya Federatsiyasi prezidenti 2020 yilning 10 noyabridan Tog‘li Qorabog‘ hududida o‘t ochishni butunlay to‘xtatishni nazarda tutuvchi bayonotni imzoladi», deya Rossiya rahbarining so‘zlarini keltirgan RIA Novosti agentligi.

Rossiya tinchlikparvarlari allaqachon Armaniston va Ozarboyjon chegaralari tutashgan hududga kelishni boshlagan. Seshanba kuni tongida Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy texnikalar kolonnasi Ulyanovsk aerodromiga yo‘l olgani aks etgan tasvirlarni e'lon qilgandi. Kontingentning asosini Markaziy harbiy okrugning 15-motoo‘qchilar bo‘linmasi tashkil etadi. Mojaro hududiga rossiyalik harbiylar chiqqan o‘nta samolyot uchib ketgan.

Armaniston Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtga kelib rossiyalik harbiylar Tog‘li Qorabog‘ga joylashtirilishi boshlangan.

Hozirda Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatilgan.

Siyosatchilarning izohlari
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan vatandoshlaridan uzr so‘radi.

«Bayonot matni shaxsan men uchun va barchamiz uchun nihoyatda og‘ir. Harbiy vaziyatni chuqur tahlil qilish natijasida... va yuzaga kelgan holatda bu eng yaxshi qaror ekanligiga ishongan holda qaror qabul qildim. Rossiya va Ozarboyjon prezidentlari bilan birgalikda soat 01:00dan boshlab Qorabog‘ urushini tugatish to‘g‘risidagi bayonotni imzoladim», degan Pashinyan o‘zining feysbukdagi sahifasida.

U bunday qadamni hozirgi vaziyatda eng yaxshisi deb atagan va harbiy harakatlarning to‘xtatilishi g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham emasligini aytib o‘tdi.

Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan esa Qorabog‘ bo‘yicha kelishuv haqida OAV orqali xabar topganini bildirgan.

«Respublika prezidenti sifatida, afsuski, men bilan hech qanday maslahat qilinmadi, bu hujjat bo‘yicha muhokama o‘tkazilmadi va men muzokaralarda ishtirok etmadim», degan u. 

U urushning to‘xtatilishi to‘g‘risidagi bitim «har tomonlama konsultatsiya va muhokama predmeti»ga aylanishi kerakligini, «milliy manfaatlarni himoya qilish bo‘yicha kun tartibidan kelib chiqadigan qarorlarga iloji boricha tezroq kelishib olish uchun» siyosiy konsultatsiyalar tashabbusi bilan chiqayotganini bildirgan.