Jamiyat | 17:14 / 13.11.2020
4751
3 daqiqa o‘qiladi

SCIENCE fani qaysidir fandan voz kechish evaziga joriy etilayotgani yo‘q – Respublika ta'lim markazi

Respublika ta'lim markazi direktori Shuhrat Sattorov 1-6-sinflarda SCIENCE (tabiiy) fani o‘qitilishi haqida ma'lumot berib, u tufayli mavjud dars soatlari qisqarmasligi, aksincha, ta'lim sifatini oshirish uchun mavjud fanlarning integratsion tarzda o‘qitilishi haqida ma'lum qildi.

 

«SCIENCE fani amalga kiritilishidan oldin xalqaro amaliyot, O‘zbekistonda ishlayotgan xususiy va xorijiy maktablar tajribasi o‘rganildi.

Yangi fan o‘quvchilarni kichik yoshidan tabiiy fanlarni o‘qishga rag‘batlantirish, ularda olam haqida yaxlit tasavvur paydo qilishga yordam beradi. Buning bilan bola fizika-kimyo qiyin emas, qiziq fan ekanini anglaydi va uni o‘rganishga o‘zida rag‘bat sezadi.

SCIENCE fani qaysidir fandan voz kechish yoki qaysidir fanning o‘rniga joriy etilayotgani yo‘q. Aksincha, ta'lim sifatini oshirish uchun mavjud fanlarning integratsion tarzda o‘qitilishini ta'minlaydi.

Masalan, yomg‘ir haqida o‘rganish jarayonida bola uning tarkibi, fizik xususiyatlari, qaysi fasllarda va qayerlarda yog‘ishi, yomg‘ir ta'sirida Yerda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi, o‘simliklar uchun foydasi haqida ma'lumotga ega bo‘ladi.

SCIENCE fani 1-2-sinfda «Atrofimizdagi olam», 3-4 sinfda «Tabiatshunoslik», yuqori sinflarda esa 4ta alohida fan, geografiya, biologiya, fizika (6-sinfdan boshlab), kimyo (7 sinfdan boshlab) fanlarini o‘zida birlashtiradi.

Ayni paytda 1-2-sinfda «Atrofimizdagi olam» (1 soat), 3-4-sinfda tabiatshunoslik (1 soat), 5-sinfda botanika, geografiya, fizika 1 soatdan, 6-sinfda 2 soatdan, jami 12 soat o‘qitiladi. Hozirgi takliflarga ko‘ra, SCIENCE fani 1-sinfda bir soat, 2-4-sinfda ikki soatdan, 5-6-sinfda esa 3 soatdan, jami 13 soat o‘qitilishi tavsiya etilmoqda. Shunga ko‘ra, tabiiy fanlar boshqa fanlarning soatini qisqartirmaydi.

Tabiiy fanlarni joriy etishdan oldin tanlab olingan maktablarda shu o‘quv yilining to‘rtinchi choragida tajriba asosida fanni o‘qitamiz. Bu muddatda o‘quv dasturlari, darsliklar, dars soati tahlil qilib ko‘riladi. Va tajriba natijalari asosida 13 soatlik taklif o‘zgarishi mumkin.

7-11-sinflardan esa fanlarning o‘qitilishi doimiy tartibda davom etadi», – dedi u.

Mavzuga oid