«A» liga. 1-guruh: Italiya peshqadamlikni qaytara oladimi?

«A» liganing 1-guruhidagi markaziy uchrashuv yakshanba kuni Apenin yarim orolida kuzatiladi. Redjo-nel-Emiliyadagi «Chitta-del-Trikolore» stadionida Roberto Manchini boshqaruvidagi Italiya milliy jamoasi Polshaga qarshi maydonga tushadi. «Moviy gvardiya» oxirgi ikki turda g‘alaba qozona olmay - Polshada 0:0, Niderlandiya bilan esa 1:1 hisobini qayd etib, guruhdagi peshqadamlikni qo‘ldan chiqardi. Aynan ushbu tur italyanlar uchun juda muhim.

Manchini shogirdlari guruh peshqadami bo‘lib turgan Levandovski jamoasini mag‘lub eta olsa, so‘nggi tur oldidan yana 1-o‘ringa qayta oladi. 1-o‘rin uchun kechadigan kurash yakshanba oqshomidagi to‘qnashuvga bo‘lgan qiziqishni karrasiga oshiradi.

«A» liga. 2-guruh: Angliya Belgiyani bu safar ham mag‘lub eta oladimi?

 2-guruhdagi markaziy bahs Belgiya va Angliya milliy jamoalari o‘rtasida kechadi. Yakshanba oqshomida Levendagi «Den Dreyef» arenasida o‘tadigan to‘qnashuv guruh peshqadamligi uchun kechadi. Angliya so‘nggi turda Londonda Daniyadan kutilmagan mag‘lubiyatni qabul qilib olgach, Belgiya Islandiyani mag‘lub etib, 1-o‘ringa chiqib olgandi. Garet Sautgeyt shogirdlari bu bahsda xatolarini to‘g‘irlash imkoniyatiga egalar. Buning uchun inglizlar uylarida bo‘lgani kabi safarda ham Belgiya ustidan g‘alaba qozonishlari talab etiladi. Shuningdek, Daniyada ham guruhdagi peshqadamlikni qo‘lga olish uchun imkoniyat bor.

«A» liga. 3-guruh: Portugaliya Fransiya o‘rtasida peshqadamlik jangi

 Ha, shanba oqshomida Lissabondagi «Eshtadiu du Benfika» arenasida haqiqiy «jang» ko‘rsak ajab emas. Guruhda qo‘shhokimlik qilayotgan Portugaliya va Fransiya milliy jamoalari o‘zaro bahsda orani ochiq qilishadi. 4 o‘yindan keyin 10 ochkodan jamg‘argan bu jamoalarning Fransiyadagi bahsida ham g‘olib aniqlanmagan edi. Bu safargi durangga na Ronaldu jamoadoshlari, na Mbappe yetakchiligidagi fransuzlar rozi bo‘lishadi. Shunday ekan, turning markaziy to‘qnashuvidan keskin qarama-qarshilik va shiddat kutsak arziydi.