“Qashqadaryo viloyatida 1 trillion so‘m sarflab, dalalarga suv berilgan. Bir yilda ishlatilgan 5 mlrd kub metr suv evaziga 91 million AQSh dollarlik eksport amalga oshirilgan. Taqqoslash uchun: Farg‘ona viloyatida 2 mlrd kub metr suv sarflangan holda 500 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingan. 1 trillion so‘m pul sarflab, 90 million so‘mlik mahsulot eksport qilish o‘tmish bo‘lib qoladimi? Qanday texnologiyalarni joriy etish orqali viloyat daromadini oshirmoqchisiz?” – deya so‘radi Sherzod Qudratxo‘jayev.

“Juda og‘riqli masalamiz shu. Sababi – Qashqadaryoning 86 foizga yaqin yerlari suv omborlari, nasoslar orqali sug‘oriladi. Bizda 56 ming gektar tomorqa bor. Tomorqaning o‘zi bir viloyatning paxta ekadigan maydoniga teng.

Ikkinchi masala borki, 150 ming gektar atrofida g‘alla, shuncha miqdorda paxta. Hammasini hisoblasak, bizda suvli yerlarimiz, sug‘oriladigan yerlar taxminan 400 ming gektar atrofida. Lalmi yerlar to‘g‘risida qisqacha aytib berdim.

Yondashuv qanaqa? Haqiqatan ham Qashqadaryoda yerlarni o‘zlashtirishning eng yuqori nuqtasi 70-yillarda bo‘lgan. O‘sha paytlarda lotok, irrigatsiya, melioratsiya tizimlari, yerosti drenajlari qurilib, o‘zlashtirilgan. Vaqt o‘tishi bilan sekin-sekin tizim ishdan chiqqan. Hammasi jismoniy eskirgani uchun ishdan chiqdimi yoki boshqa sabab ham bormidi, degan savolga ikkinchi sabab ham bor.

Jismoniy ishdan chiqqan qismi ham bor. Ikkinchi tarafi – noto‘g‘ri ekspluatatsiya natijasida izdan chiqib ketgan: mutaxassis yo‘q, mutaxassis tayyorlaydigan tarmoq yo‘q. Yondashuv – kim xohlasa suvni ochadi, yopadi. Natijada yerlarning sho‘rlanish darajasi ko‘tarilib boryapti. Agar Qoraqalpog‘istonga o‘xshab sho‘rni yuvadigan bo‘lsak, bizniki 5 trillion bo‘lmaydi, 6-7 trillion bo‘lib ketadi. Bundan Xudo o‘zi asrasin.

Hozirgi holatda eroziyani to‘xtatishimiz kerak, tizimlarni zamonaviysiga o‘tkazishimiz kerak. Ikkinchi masala – tomchilatib sug‘orish texnologiyalari. Keyingi yilda 27 ming gektar paxta maydonini tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga o‘tkazishni reja qildik. Bundan tashqari, g‘alla maydonlarida 30 ming gektarni yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasiga o‘tkazish. Buning uchun qancha subsidiya, qancha kredit olamiz, nechta fermer qiladi, bu bo‘yicha rejamiz ham bor.

Ikkinchi tarafi ham borki, bugun bizning maqsadimiz – yetishtirilayotgan mahsulot salmog‘ini ko‘paytirish. Ya'ni shunday mahsulot yetishtirishimiz kerakki, undan dehqonga foyda bo‘lsin, yetishtiradigan odam manfaatdor bo‘lsin. Paxtadan manfaatdor bo‘lmagan joylarga paxta ekib kelganimiz ham rost, lekin shuni sabzavot yo‘nalishiga o‘tkazishimiz uchun malaka, tajriba kerak.

Hali so‘zingiz orasida kartoshka haqida gapirdingiz. Biz kartoshka eksportidan yiroqmiz. Bizning maqsadimiz – avvalo o‘zimizni kartoshka bilan qoplab olaylik. Qashqadaryoga bir yilda 176 ming tonna kartoshka kerak. Shundan 79-80 ming kartoshka yetishtiryapmiz.