O‘zbekiston | 11:05 / 17.11.2020
3126
3 daqiqa o‘qiladi

Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi

Vazirlar Mahkamasining «Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

Hujjatda ta'kidlanishicha, bunday xizmatlar Toshkent va Nukus shaharlarida, 2021 yil 1 fevraldan barcha viloyatlar markazlarida, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab esa butun respublika hududida ko‘rsatiladi.
 
Norma'ning yozishicha, qabul qilingan Reglamentda tug‘ilgan bolaning ota-onasi yoki vasiyni (homiyni) doimiy ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish hamda bolani davlat maktabgacha ta'lim tashkilotiga navbatga qo‘yish bo‘yicha kompleks davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi belgilangan.
 
Ushbu xizmatlarni ko‘rsatishda quyidagi muassasalar jalb etiladi:

a) tibbiyot muassasasi (tug‘ruqxona, shifoxona tug‘ruq bo‘limi, oilaviy poliklinika) ota-ona va bola haqidagi barcha ma'lumotlarni elektron tibbiy ma'lumotnomani shakllantirish uchun maxsus elektron blankaga kiritadi va avtomatik ravishda FHDYo bo‘limiga yuboradi;

b) FHDYo bo‘limi:

tug‘ilganlik holatini qayd etadi va boshqa davlat xizmatlaridan kompleks tarzda foydalanishni ta'minlaydi;

tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani ariza beruvchiga taqdim etadi;

v) Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi:

farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtiradi;

har bir to‘lov oyi boshida o‘tgan oyda to‘langan farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqalarning umumiy summasidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni aksiyadorlik tijorat «Xalq banki»ning hisobvarag‘iga o‘tkazadi;

g) tibbiyot muassasalari poliklinikaga bolani ro‘yxatga qo‘yadi;

d) tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limlari bolani otasi yoki onasi doimiy ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha «Manzil» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatga qo‘yadi;

ye) Maktabgacha ta'lim vazirligi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotiga bolani navbatga qo‘yadi;

j) «Xalq banki» farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa to‘lovini Pensiya jamg‘armasiga elektron so‘rov yuborish orqali murojaat qilgan fuqaroning nafaqaga bo‘lgan huquqini tasdiqlagan holda amalga oshiradi.
 
Har bir ko‘rsatilgan xizmat SMS xabar yuborish bilan tasdiqlanadi. Ularni yuborish bilan bog‘liq xarajatlar vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
  
Hujjat 11.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid