17 noyabr kuni shahar va klublar musobaqasi yakunlari sarhisob qilindi. Tadbir yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida tashkilotchilar va hamkorlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirish istagini bildirib, g‘oliblar nomini e'lon qildi.
Tashkiliy qo‘mita bergan ma'lumotga ko‘ra: «Samarkand Half Marathon»ning o‘ziga xos xususiyati yarimmarafonda ishtirok etish uchun maxsus tashkil etilgan yugurish klublarining ishtiroki bo‘ldi. Turli kompaniya va korxonalar vakillari tomonidan shakllantirilgan havaskor va korporativ yugurish klublari respublikamizning asta-sekin kengayib borayotgan yugurish jamg‘armasining tarkibiy qismiga aylandi.
G‘oliblar «Yuguruvchi poytaxt» va «Eng yaxshi klub» nominatsiyalarida 3 ta o‘rin bo‘yicha taqdirlandilar. Natijalarga ko‘ra, katta farq bilan «Yugurish poytaxt» mukofotiga:
- Toshkent shahri 5581 km bilan sazovor bo‘ldi, ikkinchi o‘rinni Dushanbe shahri 370 km;
- uchinchi o‘rinni Samarqand shahri 266 km natijalari bilan hamda eng yaxshi klub
- «Tashkent runners» klubi 943 km, ikkinchi o‘rinni «Sporty Family» klubi 777 km, uchinchi o‘rinni «Tourism runners» klubi 563 km natijalari bilan qo‘lga kiritishdi.

Matbuot anjumanida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etib yarimmarafon yakunlariga ko‘ra fikr bildirdi:
«Virtual yugurishning umumiy statistikasiga muvofiq, butun dunyo bo‘ylab 35 mamlakatdan 3000 nafardan ortiq inson ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tganligi qayd etildi. Bu raqamlar insonlarning atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga befarq emasligini anglatadi. Bundan oldingi o‘tkazilgan marafonimizda ishtirokchilar 1.582 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ko‘rib turganingizdek, bu yil ularning soni ikki barobarga oshgan va ishonchimiz komilki, oshish davom etadi. Xayriya ishiga o‘z hissasini qo‘shishni istaganlar soni juda ko‘pchilikni tashkil qilganligi bois, joriy yilning 1 dekabriga qadar yarimmarafon ro‘yxatidan o‘tishni davom ettirishni ma'qul ko‘rdik. Ro‘yxatdan o‘tganlar sonining oshishi autizmga chalingan insonlarga yordam tariqasida to‘planayotgan mablag‘lar tushumining oshishini anglatadi..»
2020 yilda Samarkand Half Marathon loyihasi autistik xarakterga ega buzilishlarga bag‘ishlandi. Loyiha doirasida bu yilgi o‘quv dasturlari onlayn tarzda o‘tkazilib, ularning aksariyati Samarkand Half Marathonning ijtimoiy tarmoqlarida chop etilgan ochiq Zoom uchrashuvlar, havolalar formatida o‘tkazildi.


















