Tashkilotchilarning ma'lum qilishicha, «Samarkand Half Marathon»ni o‘tkazishdan maqsad – madaniyat va san'at obektlarining inklyuzivligi (jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun kerakli sharoitlarning mavjudligi) muammosiga jamoatchilik e'tiborini tortish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va O‘zbekistonda sport turizmini ommalashtirishdan iborat.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ushbu marafon yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida madaniyat muassasalarida inklyuziv muhitni yaratish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

«Inklyuziya – butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Mazkur konsepsiyaga asosan, salomatligidan qat'i nazar, har bir odamga jamiyatdagi moddiy va ma'naviy boyliklardan bahramand bo‘lishga va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim. «Samarkand Half Marathon» loyihasining asosiy maqsadi ham shu. Biz bu tadbir orqali jamoatchilik e'tiborini madaniyat va san'at obektlaridagi inklyuzivlik muammosiga qaratmoqchimiz», – dedi Mirziyoyeva 30 oktabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Loyihaga tayyorgarlik jarayonida o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, respublikadagi deyarli barcha madaniyat muassasalari inklyuziv toifa vakillariga moslashmagan. Vaholanki, 2019 yilda O‘zbekistonda 710 mingdan oshiq imkoniyati cheklangan shaxs ro‘yxatga olingan.

«Inklyuziya muhitini yaratish – oson bo‘lmagan, uzoq muddatli, rejali ishni talab qiladigan masala. Bunda bir marotabalik tadbirlar bilan cheklanish xatodir. Loyihalar davomli ko‘rinishda bo‘lishi lozim», ─ deydi Saida Mirziyoyeva.

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi Ta'limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Madina Badalova «Samarkand Half Marathon»ning kun tartibi xususida ma'lumot berdi. 

«Yarim marafonning dastlabki ikki kunida madaniy va ta'limiy tadbirlar o‘tkaziladi. Xalqaro ekspertlar ishtirokida inklyuziya muammolariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda Toshkentdagi madaniyat muassasalarida nogironligi bo‘lgan, harakati cheklangan shaxslar uchun mavjud sharoitlar bo‘yicha monitoring natijalari hisobot tarzida taqdim etiladi.

3 noyabr kuni  21, 10 va 2 km uzoqlikdagi masofa bo‘yicha yugurish musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, yarim marafon doirasida Beat Films kinofestivali bilan hamkorlikda hujjatli kinofilmlar namoyishi o‘tkaziladi», ─ deydi jamg‘arma vakili.