«Samarkand Half Marathon» – O‘zbekiston tarixida ilk marotaba o‘tkazilayotgan xalqaro xayriya yarim marafoni munosabati bilan 30 oktabr kuni matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva O‘zbekistondagi inklyuziya muammosi xususida nutq so‘zladi.
Ma'lum qilinishicha, BMT ma'lumotlariga asosan, Yer yuzi aholisining 15 foizi, ya'ni bir milliarddan ortiq insonning turli ko‘rinishdagi nogironligi mavjud. 2019 yilda O‘zbekistonda 710 mingdan oshiq imkoniyati cheklangan shaxs ro‘yxatga olingan.
«Inklyuziya – butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Mazkur konsepsiyaga asosan, salomatligidan qat'i nazar, har bir odamga jamiyatdagi moddiy va ma'naviy boyliklardan bahramand bo‘lishga va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim. «Samarkand Half Marathon» loyihasining asosiy maqsadi ham shu.
Biz bu tadbir orqali jamoatchilik e'tiborini madaniyat va san'at obektlaridagi inklyuzivlik muammosiga qaratmoqchimiz.
Marafonni o‘tkazish uchun bejizga Samarqand shahri tanlanmagan. Milliy-madaniy, tarixiy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu madaniy boyliklardan hamma ham bemalol foydalana oladimi? Mazkur loyihaga tayyorgarlik jarayonida o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, respublikadagi deyarli barcha madaniyat muassasalari inklyuziv toifa vakillariga moslashmagan», ─ deydi Saida Mirziyoyeva.
AOKA direktor o‘rinbosari o‘z nutqida inklyuziya masalasining hal etilishi uzluksizlikni talab etishini, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etib o‘tdi.
«Inklyuziya muhitini yaratish – oson bo‘lmagan, uzoq muddatli, rejali ishni talab qiladigan masala. Bunda bir marotabalik tadbirlar bilan cheklanish xatodir. Loyihalar davomli ko‘rinishda bo‘lishi lozim.
Misol uchun, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy ko‘nikmalarini oshirish, ko‘zi ojiz va ko‘rish qobiliyatida muammosi borlarni darsliklar, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan ta'minlash ishlari yo‘lga qo‘yilyapti.
Biz «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasida bosqichma-bosqich inklyuziv sharoitni yaratishga harakat qilyapmiz», ─ deydi u.




















