Gazeta.uz nashri bayonotida AOKA tomonidan yo‘llangan xatdan skrinshot keltirilgan bo‘lib, unda sayt tahririyati kelajakda tekshirilmagan ma'lumotlar e'lon qilingan taqdirda «jiddiy huquqiy oqibatlar» kelib chiqishi ogohlantirilgan, xat agentlik direktori Asadjon Xodjayev tomonidan imzolangan.

Nashr ushbu ogohlantirishga sabab bo‘lgan materiali bo‘yicha qisqacha izoh bergan.
«Ogohlantirish 17 noyabr kuni prezident matbuot xizmati xabari asosida yozilgan «Prezident poruchil optimizirovat COVID-bolnitsy» xabariga tegishli (xat rus tilidagi xabar bo‘yicha berilgan. O‘zbek tilida ushbu xabar: «Prezident COVID-19 kasalxonalarini optimizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi»). Prezident matbuot xizmati xabarida quyidagi matn mavjud: «Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha 89ta muassasada 17 ming 500 o‘rin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan. Hozirda ushbu o‘rinlarda 6 ming 570 nafar bemor davolanmoqda… Shu munosabat bilan, mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur o‘rganib, ularni optimizatsiya qilish topshirig‘i berildi».
Keltirilgan matnda koronavirus bemorlari va koronavirus bilan kasallanganlar uchun mo‘ljallangan shifoxonalar to‘g‘risida aniq aytilgan. Shu bois, «Gazeta.uz» ushbu xabarni berishda Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘sha kuni kechki vaqtda bergan statistik ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda 2123 nafar koronavirus bemori davolanayotganiga e'tibor qaratdi. Xabarni e'lon qilishdan oldin tahririyat SSVga munosabat so‘rab murojaat qildi, lekin tezkor javob ololmadi», deyiladi nashr ma'lumotida.
Ko‘p o‘tmay SSV ushbu holatga izoh berib, 6570 nafar bemor ichida ba'zi belgilari mavjud bo‘lib, kasallikda gumon qilingan, lekin virus tasdiqlanmagani, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar borligini ma'lum qilgan. Saytda vazirlik izohi ham e'lon qilingan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xatida «to‘la tekshirilmagan ma'lumot asosida e'lon qilingan xabar va uning ketidan bildirilgan munosabat jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrga olib kelgani» qayd etilgan.
«Bu esa, o‘z navbatida, mamlakat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa'y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin» (agentlik tomonidan bu so‘zlarning tagiga chizilgan), deya qo‘shimcha qilinadi xatda.
Gazeta.uz masalani bunday bayon qilishni bo‘rttirish deb hisoblashi, ogohlantirish xatiga esa tahririyatni «noqulay» savollar berishni to‘xtatishga majbur qilish bo‘yicha keskin javob deb qarashini bildirgan.








